O’ZBEKISTON QISHLOQ XO’JALIGI ILMIY-ISHLAB CHIQARISH MARKAZI

O’ZBEKISTON QISHLOQ XO’JALIGI ILMIY-ISHLAB CHIQARISH MARKAZI, O’zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi O’zbekiston qishloq xo’jaligi ilmiyishlab chiqarish markazi — O’zbekiston Respublikasida qishloq xo’jalik, suv hamda o’rmon xo’jaligi bo’yicha ilmiy tekshirish ishlari olib bora- digan oliy ilmiy muassasa. 1997 yil 12 martda O’zbekiston qishloq xo’jaligi Fanlari Akademiyasi (1991) negizida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan. 1997 yil 3 noyabrda O’zbekiston Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi vazirligi tasarrufiga o’tkazilgan. Boshqaruvi Toshkent shahrida. Tarkibida 17 ilmiy tekshirish muassasasi, jumladan, paxtachilik; g’o’za selektsiyasi va urug’chiligi; qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish; o’simlikshunoslik; sug’oriladigan yerlarda g’alla va dukkakli o’simliklar; o’simliklarni himoya qilish; veterinariya; chorvachilik; qoraqo’lchilik va cho’l ekologiyasi; sholichilik; bog’dorchilik, uzumchilik va vinochilik; sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik; bozor islohotlari ilmiy tekshirish institutlari, lub tolali ekinlar tajriba stansiyasi; Qoraqalpog’iston dehqonchilik instituti bor; Respublikaning viloyatlarida markazning bo’limlari tuzilgan. Markazning ilmiy ishlari uchun Qoraqalpog’iston Respublikasi va barcha viloyatlarda turli toifadagi 45 xo’jalik birkitilgan bo’lib, ularning umumiy ekin maydoni 104 ming gektardan ortiq, shundan 6 ming ga bog’ va uzumzor, 41 ming gektar sug’oriladigan yerlarda ilmiy tekshirish ishlari olib boriladi (2005). Markaz O’zbekiston va jahon fani hamda amaliyotining ilg’or yutuqlaridan foydalangan holda Respublika agrosanoat majmuining eng muhim muammolari bo’yicha ilmiy texnikalarni tashkil etadi, ularning natijalarini qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga joriy etadi; davlat boshqaruvi organlari bilan hamkorlikda dehqonchilikda hosildorlik, chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish, qishloq xo’jalikni intensivlash, ekinlarning yangi serhosil navlarini yaratish va rayonlashtirish, zamonaviy texnologiyalarning ilmiy asoslangan tizimi dasturlarini tayyorlaydi; yaratilgan ilmiy va texnik ishlanmalarning dehqonchilik, chorvachilik, irrigatsiya, melioratsiya, o’rmon xo’jaligiga joriy etilishi ustidan mualliflik nazoratini amalga oshiradi; qishloq xo’jalikni tashkil etish va yuritishning jahon tajribasini o’rganadi; xalqaro va xorijdagi yetakchi ilmiy tekshirish markazlari bilan hamkorlikni rivojlantiradi; o’z tasarrufidagi ilmiy xodimlarning chet ellarda va ilmiy muassasalarda malaka oshirishini tashkil etadi; yuqori malakali ilmiy kadrlar (fan doktorlari, fan nomzodlari) tayyorlaydi. Markazda ilmiy-texnika kengashi va Rayosat tashkil etilgan. Markaz huzurida falsafa va chet tillar kafedrasi, Aspirantura bo’limi, Markaziy ilmiy kutubxona bor. Markazning ilmiy tekshirish muassasalarida 1200 ga yaqin ilmiy xodim, jumladan, 68 fan doktori va 521 fan nomzodi ishladi (2005). Markaz jahondagi qishloq xo’jalik yo’nalishidagi xalqaro qishloq xo’jaligi ilmiy markazi (IKARDA), xalqaro sholichilik (IRRI), Xalqaro kartoshka tadqiqotlari (SIP), Xalqaro suv xo’jaligi (IVMI), xalqaro makkajo’xorikorlik (SIMMIT), Xalqaro genetik manbalar (IPGRI) va boshqalar markazlar, Yaponiya, AQSh, Koreya, Hindiston qishloq xo’jalik tadqiqotlari agentliklari bilan ilmiy aloqalar o’rnatgan. Abdushukur Xonazarov.