O’ZBEKISTON RESPUBLIKA TOVAR XOM ASHYO BIRJASI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKA TOVAR XOM ASHYO BIRJASI — yuqori xaridorgir tovarlar, xom ashyo mahsulotlari savdosini amalga oshiradigan yetakchi birja. 1994 yil 8 aprelda «Toshkent» universal tovar-fond birjasi (1991) ning «Toshkent» Respublika fond birjasi va tovar-xom ashyo birjasiga bo’linishi natijasida tashkil topgan. Boshqaruvi Toshkent shahrida. Qoraqalpog’iston Respublikasi, Toshkent viloyatidan tashqari barcha viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida filiallari bor. Barcha filiallari yagona elektron tizim bilan bog’langan. Birjada mamlakatdagi va chet ellik xaridorlar uchun neft mahsulotlari, ko’mir, paxtani qayta ishlash mahsulotlari (paxta tolasi, lint, shrot, shulxa), rangli va qora metallar, tsement, mineral o’g’itlar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalarning muntazam savdosi o’tkaziladi. 2004 yildan respublika ichki bozorida talab yuqori bo’lgan tovarxom ashyo mahsulotlarining limit fondlar bo’yicha taqsimoti tizimi tugatildi va mazkur birjada bu resurslarning muntazam ochiq va raqobatli birja savdosi yo’lga qo’yildi. Birja savdolarida har bir xo’jalik yurituvchi sub’ektlar uchun o’ziga kerakli Tovar-xom ashyo resurslarini milliy valyutaga va asosli narxlarda sotib olish imkoniyatlari yaratildi. Muntazam va kundalik birja savdolarining butun respublika hududini qamragan yagona elektron tizimi barpo etilgan. Birjada akkreditatsiya qilingan 1000 ga yaqin brokerlar ishlaydi. Birja huzurida savdolarda tuzilgan shartnomalarning sotuvchilar va xaridorlar tomonidan bajarilishini kafolatlaydigan hisobkliring palatasi faoliyat ko’rsatadi (2004). Respublikaning barcha viloyatlarida, ayniqsa, qishloq joylarida dehqon va fermer xo’jaliklariga resurslar sotish bilan ularning o’z mahsulotlarini ham birja ko’rgazmalariga qo’yadigan 37 ta maxsus savdo maydonchalari tashkil etilgan. Birjada ko’rgazma yarmarka savdolari elektron tizimi joriy etilgan bo’lib, tovarlar birja listingga fototasvirlari bilan birga kiritiladi. Bu esa milliy eksporterlarning jahon bozorlariga chiqishiga yordam beradi. 2004 yilda birjada 150,5 ming tonna paxta tolasi, 63,8 ming tonna shrot, 137,7 ming tonna avtomobil benzini, 346,6 ming tonna dizel yonilg’isi, 136 ming tonna tsement, 37,2 ming tonna qora metallar prokati, 43,9 ming tonna ko’mir, 19,1 ming tonna mineral o’g’itlar va boshqalar mahsulotlar sotildi. 2004 yilda birjaning umumiy tovar aylanmasi 450,1 milliard so’mni tashkil etdi (2000 yilda 65,8 milliard so’m; 2003 yilda 288,3 milliard so’m).