O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI AMALIY SAN’ATI MUZEYI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI AMALIY SAN’ATI MUZEYI — madaniy-ma’rifiy, ilmiy muassasa; 1937 yilda Toshkent shahrida ochilgan muvaqqat hunarmandlik ko’rgazmasi zaminida amaliy san’at (hunarmandchilik) muzeyi tashkil qilingan. 1960-97 yillarda O’zbekiston mahalliy sanoat vazirligi tarkibida bo’lib, «O’zbekiston amaliy san’at asarlari doimiy ko’rgazmasi» deb atalgan, 1997 yildan hozirgi nomida hamda O’zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi ixtiyorida. Muzeyda ekskursiyalar, ko’rgazmalar, xazina, ilmiy metodika bo’limlari, kutubxona (Internet tarmog’iga ulangan) bor. Muzey xazinasida 19-asrning 1-yarmidan to hozirgi kungacha bo’lgan davrda o’zbekistonlik ustalar tomonidan yaratilgan amaliy san’at durdonalari iig’ilgan. Ularni badiiy jihatdan 3 guruhga ajratish mumkin: qadimiy an’analarda yaratilgan, har bir hududning o’ziga xosligini aks ettirgan san’at asarlari; 20-asr 2-yarmidan xalq ustalari an’anaviy uslubni yo’qotmagan holda o’z ijodi bilan rivojlantirib yaratilgan san’at asarlari; bugungi kun amaliy san’at taraqqiyotidan kelib chiqib zamonaviy san’at talablari darajasida yaratilgan yetuk san’at asarlari. Ular 20 nomdagi (kulollik, chinnisozlik, shishasozlik, kashtado’zlik, do’ppi, matoga gul bosish — chitgarlik, badiiy mato, milliy kiyim, gilamchilik, yog’och o’ymakorligi, naqqoshlik, lokli miniatyura, zargarlik, kandakorlik, pichoqchilik va boshqalar) to’plamda saqlanadi va muzey ekspozitsiyasi ham shu nomlar bo’yicha namoyish etiladi. Muzey ilmiy muassasa sifatida amaliy san’at bo’yicha keng ko’lamda ilmiy tekshirish ishlari olib boradi, buyumlarni sotib oladi, ilmiy yoritadi, ekspozitsiyalarida namoyish etadi, buklet, kataloglar nashr etadi, ko’rgazmalar, ekskursiyalar, ilmiy anjumanlar uyushtiradi. Muzey 1938 yildan 19-asr oxirida bunyod etilgan chor Rossiyasining diplomati A.A.Polovtsevning sobiq saroyida joylashgan. Binoning o’zi ham xalq me’morligi va bezak san’atining nodir namunasidir. Uni qurish va bezashda Buxoro, Samarqand, Toshkent, Xiva va boshqalar shaharlardan kelgan ustalar qatnashgan, bino ganch va yog’och o’ymakorligi, naqqoshlik bilan jozibador bezatilgan. Markaziy xona (sobiq mehmonxona) shifti kundal uslubida bezatilgan bo’lib, usta O. Qosimjonov naqqoshlarga boshchilik qilgan, koshinlarini rishtonlik kulol usta Abdulla ishlagan. Xonadagi 2 kamin bezaklari Shift va devor naqshlari bilan uyg’un, 2 tokcha va mehrob bezagini yaratishda toshkentlik usta T.Arslonqulov qatnashgan. Xonaning yuqoridagi eshigidan boshqa xona (sobiq istirohatxona)ga o’tiladi, bu xona ham nafis bezatilgan. Binoning boshqa xonalarida bezak kam; 1961 yilda T.To’xtaxo’jayev boshchiligida ta’mirlangan. 1970 yilda muzeyga qo’shimcha 2 qavatli bino qurilgan. Me’mor U. Abdullayev, M. Ilhomov loyihalari asosida va ular rahbarligida muzey binosi rekonstruktsiya qilingan; 80-90-yillarda rassom Ch. Axmarov Markaziy xona devorlarini amaliy san’at mavzuidagi miniatyura asarlari bilan bezagan. Muzey haqida «O’zbektelefilm»da «Amaliy san’at muzeyi» (2003), «Amaliy san’at muzeyi ekspozisiyalari bo’ylab sayohat» (2004) filmlari ishlangan. Ad.: O’zbekiston xalq amaliy san’ati, 2 jildli, T., 2004. Turg’un Do’sshayev.