O’zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi e’lon qilinganidan keyingi tarixiy vaziyat shunday ediki, endi davlat, xalq o’z taqdirini o’zi belgilaydi, deb e’lon qilish yetarli emas edi. O’zbekistonning Davlat mustaqilligi bilan bog’liq qonunlar tizimini yaratish zarur edi. Ayni paytda mustaqillik g’oyasini ham faqat bir tomonlama – havoyi va yuzaki talqin qilib bo’lmas edi. Binobarin, erishilgan mustaqillikni sobitqadamlik bilan mustahkamlash, buning uchun izchil kurashish lozim edi.
O’zbekiston erishgan istiqlolni mustahkamlashda xalq tomonidan uning ma’qullanishini hisobga olib, mamlakatda referendum o’tkazishga qaror qilindi. 1991 yil 18 noyabrda Oliy Kengash VIII sessiyasi O’zbekiston Respublikasi referendumini o’tkazish to’g’risida qaror qabul qildi. Shunga muvofiq 29 dekabrda: “Siz Oliy Kengash tomonidan O’zbekiston Respublikasi mustaqil davlat deb e’lon qilinishini ma’qullaysizmi?” – mavzuida referendum o’tkazishga katta tayyorgarlik ko’rildi. Referendumni uyushqoqlik bilan o’tkazish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi 13 okrug, 7 ming uchastka saylov komissiyalarini tuzdi. Ular joylarda referendum o’tkazish haqidagi Qonunning so’zsiz bajarilishini ta’minlash borasida katta tashkilotchilik olib bordilar. Umumxalq referendumiga 9 million 898 ming 707 kishi qatnashdi yoki saylov ro’yxatiga kiritilganlarning 94,1 foizi qatnashdi. O’zbekiston Respublikasining mustaqil davlat deb e’lon qilinishini yoqlab 9 million 718 ming 155 kishi yoki referendumda qatnashganlarning 98,2 foizi ovoz berdi. Shuni aytish kerakki, referendum butun respublika hududida qonun asosida tashkiliy jihatdan uyushqoqlik, fuqarolarning yuksak siyosiy aktivligi bilan o’tdi. Buni referendumda AQSh, Turkiya, Malayziya va boshqa mamlakatlardan kelgan betaraf kuzatuvchilar ham tasdiqladilar.
O’zbekiston mustaqil respublika deb e’lon qilinishi faqat mamlakat xalqi emas, balki jahon jamoatchiligi tomonidan ham qoniqish bilan kutib olindi. Buni mustaqillik kunlarida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga kelgan tabriklardan ham bilsa bo’ladi. Jumladan, Amerika Qo’shma Shtatlarining o’sha paytdagi Prezidenti Jorj Bush I.Karimov nomiga yuborgan telegrammada shunday deydi:
“Qadrli janob Prezident, SSSR tarqalgandan so’ng, Sizning mamlakatingizda yuz bergan tarixiy o’zgarishlar munosabati bilan shuni ma’lum qilish menga qoniqish beradiki, Amerika Qo’shma Shtatlari Hukumati O’zbekistonni mustaqil davlat sifatida tan oldi”.
Shuningdek, Shvetsiya Bosh vaziri Karl Bilodt o’z telegrammasida:
“Shvetsiya hukumati nomidan Shvetsiya hukumati O’zbekiston Respublikasini suveren va mustaqil davlat sifatida tan olish haqida qaror qilganligini ma’lum qilishdan baxtiyorman.
Shu munosabat bilan Shvetsiya hukumati nomidan O’zbekiston xalqiga ezgu ishlarida muvaffaqiyatlar tilayman”, — degan iliq istaklar bildiriladi.
O’zbekiston mustaqil davlat deb e’lon qilingan kunning o’zidayoq mustaqil davlat ayrim atributlarini joriy qilish yuzasidan amaliy choralar ko’rildi. O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i to’g’risida, respublika gerbining nusxasi va Davlat madhiyasining musiqiy bayoni haqida maxsus qaror qabul qilindi. Unda Konstitutsiya komissiyasining ekspert guruhiga Davlat bayrog’ining variantlari ustida ishlashni davom ettirish, Oliy Kengashning tegishli qo’mitalariga Konstitutsiya komissiyasi ijodiy guruhi bilan hamkorlikda Davlat bayrog’i, madhiyasi haqida qonun loyihalarini ishlab chiqib, navbatdagi sessiyaga taqdim etish topshirildi.
O’zbekiston davlat mustaqilligiga erishgach, o’zining xalqaro talablar va me’yorlar doirasida qiyofasini ko’rsatmog’i, buning uchun esa o’zining butun imkoniyatlarini, o’ziga xos jihatlarini ifodalovchi davlat ramzlariga ega bo’lmog’i lozim edi. Odatda ramzlar shunchaki ranglar yig’indisidan iborat bo’lgan shakllar emas, ular ayni ana shu davlatning va shu mamlakat fuqarolarining o’zligidan kelib chiqmog’i, qolaversa, davlat siyosatining mazmun mohiyatini o’zida mujassam etmog’i kerak.
O’zbekiston o’z mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq ana shu muhim siyosiy hodisaga alohida e’tibor bilan qaradi. Chunki juda qisqa fursatda o’z mustaqilligini qonun bilan mustahkamlab, uning jahon hamjamiyatida tan olinishini, shunday mamlakat borligi e’tirof etilishining muhim yo’llaridan biri sifatida qaradi. Bir qator yosh mustaqil mamlakatlarda turli siyosiy qarashlar jazavaga kelib, fikrlar chuvalashib, “kalavaning uchi topilmay qolgan” bir paytda O’zbekiston o’zining har bir kuniga va olis istiqboliga qat’iy ishonch bilan qaradi. Shuning uchun ham u, eng avvalo, davlat ramzlarini qabul qilib, dunyoga ko’z-ko’z etib, uni tan oldirish yo’lidan bordi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 18 noyabrida bo’lib o’tgan VIII sessiyasi “O’zbekiston Respublikasining davlat bayrog’i to’g’risida” qonun qabul qildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i mamlakatimiz hududida ilgari mavjud bo’lgan g’oyat qudratli saltanatlar an’analariga mos keladigan ularning tuglari ifoda etgan g’oyalarni davom ettiradigan, ulug’ ajdodlarimizning aqida va maslaklariga mos keladigan, qarashlarini davom ettirgan holda millat tabiati va xalqimiz ruhiyatidan kelib chiqib, uning milliy va ma’naviy jihatlarini ham o’zida aks ettirmog’i kerak edi.
Bayroqdagi havorang zangori osmon va musaffo suv ramzi. Moviy rang – lojuvard – sharqda azaldan qadrlangan. Amur Temur ham o’z bayrog’iga shu rangni tanlagan.
Oq rang – tinchlik va poklik timsolidir. Yosh mustaqil davlat yo’lining oq va beg’ubor bo’lishi uchun yaxshi niyat ifodasi.
Qizil chiziqlar – bu har bir tirik jonning qon tomiri, unda jo’sh urib turgan hayotiy kuch, tiriklik ramzi.
Yashil rang – O’zbekistonning saxovatli va tabarruk tuprog’i, go’zal tabiati timsoli.
Yarim oy – o’zbek xalqining ko’p asrlik an’analariga mos keladi. Yarim oy va yulduzlar musaffo osmon va tinchlikning ifodasidir.
12 ta yulduz tasviri – qadimdan mukammallik, barkamollik timsoli.
Xullas mamlakatimiz davlat bayrog’i yurtimizning o’tmishi, bugungi kuni va kelajagining yorqin ramzi bo’lib qoldi.
1992 yil 2 iyulda O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida “O’zbekiston Respublikasining davlat gerbi” to’g’risida qonun qabul qilindi. Davlat gerbidagi har bir belgi chuqur ma’noga ega.
Gerb markazidagi humo qushi-baxt saodat va erksevarlik ramzi.
Gerbning yuqori qismidagi sakkiz qirrali yulduz respublikamizning sobit va barqarorligi timsoli sifatida tasvirlangan.
Quyosh – davlatimizning yo’li hamisha nurafshon bo’lishi bildirilgan yaxshi niyat, ayni paytda u O’zbekistonning noyob iqlimga ega mamlakat, serquyosh o’lka ekanligini bildiradi.
Boshoq – rizq-ro’zimiz timsoli, to’kin-sochinlik ifodasi.
Oppoq paxta – O’zbekiston dong’ini dunyoga taratgan bebaho boyligimiz ramzi.
Bug’doy va paxta chanoqlarini Davlat bayrog’i lenta bo’lib o’raganligi O’zbekistonda yashayotgan xalqlar do’stligi va yakdilligi ifodasi hisoblanadi.
Gerb rangli tasvirda bo’lib, humo qushi kumush rangda, quyosh, boshoqlar, paxta chanog’i va “O’zbekiston” degan yozuvlar tilla rangda, g’o’za shoxlari, barglari va vodiylar yashil rangda, tog’lar havo rangida, chanoqdagi paxta, daryolar, yarim oy va yulduz oq rangda, O’zbekiston Respublikasining Davlat bayrog’i tasvirlangan lenta to’rt xil rangda berilgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992 yil 10 dekabrida bo’lib o’tgan XI sessiyasida “O’zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to’g’risida”gi qonun qabul qilindi. Sessiyada shoir Abdulla Oripov va bastakor Mutal Burhonov tomonidan tayyorlangan madhiya varianti tasdiqlandi.
Serquyosh hur o’lkam, elga baxt najot, Sen o’zing do’stlarga yo’ldosh, mehribon. Yashnagay to abad ilmu fan, ijod. Shuhrating porlasin toki bor jahon! N a q o r a t: Oltin bu vodiylar – jon O’zbekiston Ajdodlar mardona ruhi senga yor! Ulug’ xalq qudrati jo’sh urgan zamon Olamni mahliyo aylagan diyor! Bag’ri keng o’zbekning o’chmas iymoni, Erkin, yosh avlodlar senga zo’r qanot! Istiqlol mash’ali, tinchlik posboni, Haqsevar, ona yurt, mangu bo’l obod! N a q o r a t: Oltin bu vodiylar – jon O’zbekiston Ajdodlar mardona ruhi senga yor! Ulug’ xalq qudrati jo’sh urgan zamon Olamni mahliyo aylagan diyor!
O’zbekiston mustaqil davlat maqomiga ega bo’lgan kundanoq dastlab mustaqillikka erishgan Boltiq bo’yi respublikalari bilan teng huquqli davlat sifatida munosabat o’rnatish uchun harakat boshladi. 1991 yilning 30 sentabrida respublika Oliy Kengashi Latviya, Litva va Estoniya respublikalari mustaqilligini e’tirof etish to’g’risida qaror va shu respublikalar Oliy Kengashlariga Murojaatnoma qabul qildi. Jumladan, Latviya Respublikasining Oliy Kengashini, butun xalqini Latviya to’la davlat mustaqilligiga erishganligi, u xalqaro ko’lamda keng tanilganligi va Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qabul qilinganligi bilan tabrikladi. Tabriknomada, jumladan, shunday so’zlar bitilgan edi:
“Latviya bilan O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar an’anaviy do’stlik ruhida bo’lib, xayrixohlik va ikkala respublikaning suverenitetini tan olish prinsiplariga asoslanadi. Mustaqil O’zbekiston bundan buyon teng huquqlilik va o’zaro hurmat asosida har tomonlama iqtisodiy va madaniy aloqalarni sifat jihatidan yangi darajda davom ettirish niyatida.
Latviya xalqiga mustaqil demokratik davlat qurilishida katta muvaffaqiyatlar, baxt va ravnaq tilaymiz”.
Xuddi shu mazmundagi murojaatnomalar Litva va Estoniya Respublikalari Oliy Kengashlari nomiga ham yuborildi. Mustaqillik qo’lga kiritilgan davrdan boshlab O’zbekiston tarixida mutlaqo yangi davr boshlandi.
O’zbekiston o’z suverenitetini qo’lga kiritgandan so’ng bu haqda respublika ichkarisida ham, uning tashqarisida ham ayrim kishilar turlicha qarashlarni ilgari surdilar. Jumladan: “O’zbekiston osongina, kurashsiz mustaqil bo’lib oldi”, — degan fikrlar paydo bo’ldi. To’g’ri, 1991 yilning o’rtalariga kelib sobiq SSSRning yemirilishi, Ittifoq hukumati esa boshqaruv jilovini qo’ldan chiqarib yuborganligi tufayli mustaqillikka erishish uchun qulay tarixiy shart-sharoit paydo bo’ldi. Biroq, tarixiy tajriba shuni isbotladiki, o’ta murakkab rahbarlik siyosatining muhim jihatlaridan biri hal qiluvchi qadamni to’g’ri belgilash va qat’iy harakat boshlashdan iborat.
O’zbekiston rahbariyati ana shunday donolik bilan harakat qildi, eng qulay paytdan dadillik bilan foydalanib, respublikaning davlat mustaqilligini e’lon qildi.
Mustaqillik bu in’om emas, balki butun xalqning, millionlarning uzoq yillik intilishi tufayli qo’lga kiritilgan tarixiy kurashning natijasi – buyuk g’alaba. Zotan, O’zbekisonning davlat mustaqilligiga ega bo’lganligi buyuk tarixiy ahamiyatiga ega voqea hisoblanadi.
Birinchidan, shuni uqtirish lozimki, o’zbek xalqi o’z taqdirini o’zi belgilash huquqiga ega bo’ldi, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir sohibi, egasi, xo’jayini bo’lib qoldi.
Ikkinchidan, O’zbekiston mustaqilligi respublikada adolatli, demokratik, insonparvar jamiyat qurish uchun yo’l ochib berdi, o’z milliy davlatchiligini barpo qilishga imkoniyat yaratdi.
Uchinchidan, mustaqillik tufayli O’zbekiston xalqaro miqyosda o’zini tanitish, ayni choqda xalqaro huquq me’yorlari asosida jahondagi barcha davlatlar bilan teng hamkorlik qilish imkoniyatini qo’lga kiritdi. Jahon xaritasida O’zbekiston yangi, yosh mustaqil davlat sifatida o’z o’rniga ega bo’ldi.
To’rtinchidan, iqtisodiyotda tub o’zgarishlar qilish uchun imkoniyat yaratildi. Ya’ni jahon amaliyoti isbotlagan bozor iqtisodiyotiga o’tish uchun sharoit barpo etdi. Mulkka munosabat tubdan o’zgarib, jamiyatda yangi mulkdorlar sinfini shakllantirish uchun imkon ochildi.
Beshinchidan, mustaqillik xalqning ma’naviy uyg’onishi uchun to’la imkoniyat yaratdi. Yurt tarixi, qadimiy madaniyat tiklana boshladi. Xalqning azaliy urf-odatlar, ma’naviy qadriyatlari unga qaytarib berildi. Dinga munosabat mutlaqo ijobiy tomonga o’zgardi.
Shunday qilib, qo’lga kiritilgan mustaqillik o’zbek xalqi tarixida tamoman yangi davrni boshlab berdi, milliy dunyoqarashda yangicha tafakkur shakllana bordi. Xalq yengil nafas olish imkoniyatiga ega bo’ldi. U endi kelajakka ishonch bilan qaray boshladi. O’z yurtining to’la xo’jayini ekanligini, o’z taqdirini o’zi belgilash imkoniyatini qo’lga kiritganligini his qila boshladi. Bu buyuk olamshumul yutuq edi.