O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY SUDI — O’zbekiston fuqarolik, jinoiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi. Oliy sudning tashkil etilishi va uning faoliyat ko’rsatishi masalalari O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi (110-modda), «Sudlar to’g’risida»gi qonuni (yangi tahriri, 2000 yil 14 dekabr), Fuqarolik protsessual va Jinoyat-protsessual kodekslari normalari, shuningdek, qonunchilikning boshqa hujjatlarida belgilab berilgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Qoraqalpog’iston Respublikasi Oliy sudlari, viloyatlar, shaharlar, tumanlararo, tuman sudlari va harbiy sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega. Oliy sud ishlarni 1-instantsiya sudi sifatida va nazorat tartibida ko’radi. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Oliy sud raisi, uning 1-o’rinbosari va o’rinbosarlari, sudlov hay’atlari raislari, Oliy sud sudyalaridan iborat. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudiga Qonunchilik tashabbusi huquqi berilgan. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi Oliy sud Plenumi, rayosati, fuqarolik ishlari bo’yicha sudlov hay’ati, Jinoyat ishlari bo’yicha sudlov hay’ati, harbiy hay’at tarkibida ish olib boradi. Oliy sud Plenumi eng yuqori sudlov instantsiyasi bo’lib, 4 oyda 1 marta chaqiriladi hamda Oliy sud sudyalari va Qoraqalpog’iston Respublikasi oliy sudlarining raislaridan iborat tarkibda ish olib boradi. Oliy sud Plenumi ishlarni nazorat tartibida ko’radi, sud amaliyotini umumlashtirish materiallarini ko’rib chiqadi va qonun hujjatlarini qo’llash masalalari bo’yicha tushuntirishlar beradi, Oliy sud raisining taqdimnomalariga binoan, Oliy sud Rayosatining tarkibini, sudlov hay’atlarining tarkibi va raislarini tasdiqlaydi. Oliy sud Rayosati O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalaridan belgilangan miqdorda tuziladi. Oliy sud Rayosatining majlislari har oyda kamida 1 marta o’tkaziladi. Oliy sudning sudlov hay’atlari ishlarni 1 instantsiyada, appelyatsiya, kassatsiya tartibida va nazorat tartibida ko’radi, sud amaliyotini o’rganadi va umumlashtiradi, qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi, sud statistikasini tahlil qiladi va hokazo. Oliy sud raisi, rais o’rinbosarlari, Sudyalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan 5 yil muddatga saylanadi. O’zbekiston Respublikasi Oliy sudi «O’zbekiston Respublikasi Oliy sudining axborotnomasi» (1989 yildan o’zbek va rus tillarida), Oliy sud Plenumi qarorlari to’plamini nashr etadi. «Kuch — adolatda» gazetaning muassisi hisoblanadi.