O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI O’QUVCHILAR SAROYI

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI O’QUVCHILAR SAROYI, Respublika o’quvchilar saroyi — O’zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi maktabdan tashqari ta’lim muassasasi. 1935 yil iyunda O’zbekiston MIK qaroriga binoan Toshkent shahrida Pionerlar saroyi nomi bilan tashkil etilgan. 1961 yildan Respublika pioner va o’quvchilar saroyi deb nomlangan. 1992 yil yanvardan hozirgi nomda. Asosiy vazifasi o’quvchi yoshlarning bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazish, ularning maktabda olgan bilimlarini chuqurlashtirish, kasb-hunar malakalarini egallashlarida ko’maklashish, dunyoviy va zamonaviy bilimlardan voqif qilish, ijodiy hamda tashkilotchilik qobiliyatlarini shakllantirish va o’stirish, kashfiyotchilik va ixtirochilik ishlariga jalb etishdan iborat. 1935 yil dekabrda 2 yillik gimnastlar maktabi, 1936 yil yanvarda Tamaraxonim rahbarligida Sharq raqslari maktabi va shu yili bolalar musiqa maktabi ochilgan. 1950-yillardan saroyda amaliy san’at to’garaklari, jumladan, Mahmud Usmonov rahbarligida ganchkorlik to’garagi ish boshlagan. 2005 yil saroyda 5 bo’lim, musiqa maktabi, 210 to’garak, klub, doirachilar dastasi, raqs dastalari, bolalar havaskorlik xalq dastasi, vokal cholg’u va o’zbek xalq cholg’u asboblari dastalari ishladi; ularda 3742 o’gil qiz ishtirok etdi. Saroy Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi o’quvchilar saroyi va ijodiyot markazlariga metodik xizmat ko’rsatadi. Saroy xalqaro, respublika miqyosidagi ommaviy tadbirlar, jumladan, qariyb 10 yildan beri o’tkazilib kelinayotgan «Yosh raqqosalar», «Maqomchilar», «Bolalar vokal dastalari» respublika tanlovlari tashabbuskori. Shuningdek, YUNISEF xalqaro bolalar tashkilotining O’zbekistondagi vakolatxonasi, O’zbekiston Respublikasidagi milliy madaniy markazlar bilan hamkorlikda «Zamonaviy dunyo — bolalar nigohida» rasmlar tanlovi, «Do’st bilan obod uying», «Bolalar ovozi» mavzularida do’stlik festivallarini o’tkazadi. Saroy to’garaklari iste’dodli a’zolarining xalq ustalari, rassomlari, hunarmandlari ustaxonalarida, ixtirochi olimlar lab.larida amaliy va o’quv mashg’ulotlarini o’tkazishlari uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Saroyda «Ustoz- shogird» an’analari mavjud. K,.Dadayev, G’. Yoqubov, Farrux Zokirov, Q. Mo’minov, Ts.Jabborova, K.Do’stmuhamedova, M.Ahmedova, T.Jamilova, Dilmurod, Xolmurod va Elmurod Islomovlar, Ziyoda va Nasiba Madrahimova kabi san’atkorlar saroy to’garak va dastalarida ilk kasb malakalarini egallaganlar. Elmurod Islomov.