O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI MARKAZIY MUZEYI
O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI QUROLLI KUCHLARI MARKAZIY MUZEYI — O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli muassasalardan biri. 1965 yilda Markaziy ofitserlar uyi qoshida Turkiston harbiy okrugi jangovarlik shuhrati muzeyi sifatida tashkil etilgan. 1975 yil 7 mayda hozirgi binosiga ko’chgan. Umumiy maydoni 3 ming kvadrat metrdan ortiq . Eksponatlari 10 mingdan ziyod. Muzeyning asosiy ish faoliyati ekspozitsiyalar (buyum-ashyolar, hujjatlar, jangovar mukofotlar va qurol-yarog’lar) orqali yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy vatanparvarlik, ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan. Muzey binosi «Jasorat» nomli bog’da joylashgan. Bino oldida qo’lida qurol ushlagan askar haykali qo’yilib, unda «Vatan himoyachisiga» yozuvi bor. Haykal atrofida 2-jahon urushida qahramon unvoniga sazovor bo’lgan 338 o’zbekistonlik jangchilarning, 53 ta Shuhrat ordeni nishondorlari va «O’zbekiston qahramoni» unvonini olgan vatandoshlarimiz nomlari marmarga o’yib yozilgan. Bog’ xiyoboni bo’ylab 2-jahon urushi davridagi va jangovar zamonaviy, haqiqiy texnika (MIG21 samolyoti, «Katyusha» JM13 mashinasi, tanklar, pushkalar, gaubitsalar) qo’yilgan. Razvedkachilar, desantlar, havo hujumidan mudofaa jangchilari, dengizchilar, uchuvchilar, artilleriyachilar, tankchilar, piyoda askarlar, chegarachilar, harbiy tibbiyot xodimlari, aloqachilar va sapyorlar byustlari o’rnatilgan. Harbiy xizmatga chaqirilganlar bog’da qasamyod qilishadi. Bino 3 qavatdan iborat bo’lib, ekspozitsiyalar 3 harbiy tarixiy davrga bo’lib yoritilgan. 1-davr «Temuriylar davridagi harbiy san’at (14-15-asrlar)» ga bag’ishlangan. Amir Temur harbiy sarkarda sifatidagi ko’p qirrali faoliyati yoritib berilgan. Zal Ekspozitsiyalari asosini «Amir Temurning To’xtamishxonga qarshi uchinchi harbiy yurishi» batal dioramasi (o’lchami — 12,5×3,5, mualliflari Alisher Ergashev, Mahmud Samiqov va Muxtor Zoirovlar) tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda «Amir Temur ot ustida» portreti (muallif R.Ziyodillayev), qurol-yarog’lar namunalari, bayroqlar, «Amir Temur davlati xaritasi», nog’oralar va hokazolar o’rin olgan. 1-qavatda ko’rgazma va kino zallari joylashgan. 2-davr fashizmga qarshi kurash (1941-45 yillar) yillarida o’zbek xalqining qahramonligiga bag’ishlangan. Har bir ko’rgazmada u yoki bu jangda qatnashgan o’zbekistonlik askarlarni shaxsiy buyumlari, jangovar mukofotlari, hujjatlari va hokazolar qo’yilgan. Vatandoshlarimizning mehnat frontidagi faoliyati keng yoritilgan. Eksponatlar orasidan fashistlar Germaniyasidan tortib olingan o’ljalar (fashistlar Germaniyasi harbiy mukofotlari, o’t ochish qurollari), qurolaslahalar, harbiy mashina, tank va samolyotlarning maketlari joy olgan. Zal ekspozitsiyalari xronologik xarakterga ega bo’lib, Brest qal’asi uchun bo’lgan janglardan tortib to Berlingacha bo’lgan janglarni o’zida yoritgan hamda to’liq ma’lumot berilgan. 3-davr «mustaqil O’zbekiston himoyasida» deb nomlanadi. O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topishi tarixi, uning qonuniy asoslari, Qurolli Kuchlarimiz qo’shinlari tarkibi, harbiy hududiy bo’linmalar — harbiy okruglar, ulardagi qism va qo’shilmalarning jangovar tayyorgarligi, oliy harbiy bilim yurtlarida, serjantlar tayyorlash maktablarida harbiy kadrlarni tayyorlash, shu bilan bir qatorda milliy armiyamizning xalqaro harbiy hamkorligi, tarbiyaviy, madaniy-ma’rifiy, sport hamda harbiy ommaviy axborot vositalari faoliyati keng yoritilgan. Muzey armiya faoliyatini yoritishda respublikamiz muzeylari orasida o’ziga xos ilmiy markazga aylangan. Muzey qoshida urush va Qurolli kuchlar faxriylarining kengashi tuzilgan. Dilorom Rahimova.