«O’ZBEKISTON SHAMPANI» AKTSIYADORLIK JAMIYATI
«O’ZBEKISTON SHAMPANI» AKTSIYADORLIK JAMIYATI — vino sanoatining yirik korxonasi. Mahalliy vinobop uzum navlaridan turli markali shampan vinolari, mavjlanuvchi vino va alkogolsiz ichimliklar, oq, pushti, qizil vinolar, kon’yak spirti va boshqalar mahsulotlar ishlab chiqaradi. «O’zmevasabzavotuzumsanoatxolding» kompaniyasi tarkibiga kiradi. 2-jahon urushi davrida Toshkentga evakuatsiya qilingan Xarkov, Tsimlyansk, Rostov Don va Inkerman shampan zavodlari negizida 1943 yilda 6-pivo zavodi hududida tashkil etilgan. 1944 yildan mahsulotlar ishlab chiqara boshlagan. Keyinchalik «Toshkentvino» korxonasining Degrez mavzeidagi vinopunkti bazasida yillik quvvati butilka usulida 250 ming butilka shampPan vinosi ishlab chiqaradigan yangi zavod qurildi. 1960-yildan «Toshkent shampan zavodi» nomini oldi. 1994 yildan hozirgi nomda. Korxonaning Toshkent, Samarqand va boshqalar viloyatlarda shampan vinolari uchun vino materiallar tayyorlaydigan vino punktlari bor. 90-yillardan boshlab korxona yangi texnologiyalar bilan jihozlana boshladi. Korxonaning mavjlanuvchi «O’zbekiston shampani» shampanlangan vinosi, saqlab etiltirilgan «Oltin favvora» shampan vinosi, gazlangan «nafis» vino ichimligi, «O’zbekiston» portveyni xalqaro ko’rgazma va yarmarkalarda sovrinlarga sazovor bo’lgan. 2004 yilda 1999 ming butilka shampan vinosi va gazlangan vino ichimligi, 190,3 ming butilka yoki 10,4 ming dal tinch vinolar ishlab chiqarildi. Mahsulotlari qo’shni davlatlar va Rossiyaga eksport qilinadi. Anvar Botirov.