O’ZBEKISTON TASVIRIY SAN’AT GALEREYASI
O’ZBEKISTON TASVIRIY SAN’AT GALEREYASI — o’zbek xalqining boy badiiy merosini saqlash, tasviriy san’at asarlarini to’plash va yutuqlarini targ’ib qilishga qaratilgan madaniy-ma’rifiy muassasa. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tasarrufida. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 12 oktyabr «Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki galereyasini tashkil qilish to’g’risida»gi qaroriga binoan asos solingan. 2004 yildan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov tashabbusi bilan Toshkent shahrida maxsus qurilgan binoga joylashtirilgan (bosh me’mori V.N.Breusenko; bosh muhandisi G.V.Kostina). To’rtburchak tarhli bino me’morlikning eng so’nggi yutuqlarini qo’llagan holda bunyod etilgan, poydevori, zinalari marmar bilan qoplangan, ichki bezaklarida ganch o’ymakorligidan foydalanilgan. Galereyada 15 ta ko’rgazma xonasi (umumiy ekspozitsiya maydoni 3,5 ming kvadrat metr), zarur texnika uskunalari bilan jihozlangan majlislar zali hamda xazina, ma’ruza va kino zallari, kutubxona, mohir usta studiyasi, ustaxonalar, badiiy salon, kafeteriy bor. Galereya xazinasida 20-asr boshidan hozirgi kungacha yaratilgan O’zbekiston tasviriy san’atining 1000 dan ziyod rang-tasvir va grafika asarlari hamda nodir numizmatika namunalari saqlanadi. O’zbekiston tasviriy san’atining 20-asr boshlarida ijod qilgan P.Benkov, L.Bure, A.Volkov, Usto Mo’min, M.Kurzin, N.Kashina, keyinroq N.Karaxan, A.Abdullayev, O’.Tansiqboyev, N.Ko’ziboyev, Ch.Axmarov va boshqalarning asarlari bilan bir qatorda zamonaviy tasviriy san’at namoyandalari — O’zbekiston BA akademiklari B.Jalolov, J.Umarbekov, A.Mirzaev, S.Rahmetov, S.Abdullaev kabi rassomlarning asarlari ham ekspozitsiyadan o’rin olgan. Gale- Reyaning numizmatika bo’limidagi O’rta Osiyoda turli tarixiy davrlarda zarb qilingan tangalar O’zbekiston tarixini o’zida aks ettiradi hamda katta madaniy-tarixiy va ilmiy ahamiyatga egadir. Galereya O’zbekiston rang-tasvir asarlarini to’plash, saqlash, respublika boy madaniyatini o’rganish hamda tasviriy san’at asarlari ko’rgazmalarini uyushtirish orqali keng ko’lamda targ’ib qilish ishlarini amalga oshiradi, jahon badiiy madaniyati yutuqlarini o’rganadi va hoz. davr estetikasi va ijtimoiy muammolariga bag’ishlangan ilmiy anjumanlar, ma’ruzalar, seminarlar tashkil qiladi, axborotlar tayyorlaydi hamda kitob, jurnal, almanax, kataloglar nashr etadi. Ko’rgazmalar va tajribalar almashish yo’li bilan, festival, yarmarka, tanlovlar uyushtirish vositasida ilmiy, madaniy xalqaro aloqalarni yo’lga qo’yadi. Xalqaro miqyosdagi tadbirlarda qatnashadi.