O’ZBEKISTON XORIJIY MAMLAKATLAR BILAN DO’STLIK VA MADANIY-MA’RIFIY ALOQALAR JAMIYATLARI KENGASHI

O’ZBEKISTON XORIJIY MAMLAKATLAR BILAN DO’STLIK VA MADANIY-MA’RIFIY ALOQALAR JAMIYATLARI KENGASHI — ommaviy ko’ngilli jamoat tashkiloti. 1997 yil 15 mayda ta’sis etilgan. Chet mamlakatlar bilan do’stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalarni zamon talablari asosida rivojlantirish, O’zbekiston hayotining turli jabhalarida erishilayotgan yutuqlarni chet ellarda keng targib qilish, xorijiy mamlakatlar jamoatchiligini xalqimizning boy tarixi, madaniyati, adabiyoti va san’ati bilan muntazam tanishtirib borish, xalq diplomatiyasi imkoniyatlaridan kengroq foydalanish Kengashning asosiy vazifasidir. O’zbekistonning xorijiy davlatlar bilan o’rnatgan do’stlik va madaniy- ma’rifiy aloqalari tarixi 20-asrning 20-yillari oxirida boshlangan. O’shanda Toshkent shahrida chet mamlakatlar bilan madaniy aloqalar jamiyatining O’rta Osiyo bo’limi tashkil topgan. U 1947 yildan «O’zbekiston bo’limi», 1953 yildan esa «O’zbekiston jamiyati» deb atala boshladi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin bu jamiyat mohiyatan va shaklan o’zgardi. Chet mamlakatlar bilan uzilib qolgan aloqalar tiklandi. O’zbekiston uchun siyosiy, iqtisodiy, madaniy va tarixiy nuqtai nazardan ustuvor ahamiyatga ega bo’lgan davlatlar bilan do’stlik aloqalari o’rnatildi. Kengash qoshida 36 xorijiy mamlakat bilan do’stlik jamiyatlari faoliyat yuritadi (2005). Xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik qilish ham Kengash ishida alohida o’rin tutadi. Bu borada AQSh, Germaniya, Xitoy, Turkiya, Avstriya, Saudiya Arabistoni kabi 30 dan ortiq mamlakatlarda istiqomat qilayotgan Vatandoshlarning jamiyatlari bilan aloqa yo’lga qo’yilgan. Kengash xorijiy mamlakatlar bilan tuzilgan do’stlik jamiyatlari raislari, shuningdek, Kengash kotibiyati rahbaridan iborat tarkibda tuziladi. Kengash a’zolarining umumiy yig’ilishi tashkilotning oliy organi hisoblanadi. Do’stlik jamiyatlari rahbarlaridan biri, jamoatchilik asosida, Kengashning raisi etib 2 yil muddatga saylanadi. Kundalik faoliyatni Kotibiyat amalga oshiradi. Kotibiyat tarkibida xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalar; Yevropa va Amerika davlatlari; Osiyo, Afrika va tinch okeani mintaqasi davlatlari; MDH davlatlari; tashkiliy masalalar va xalqaro tashkilotlar; axborot va mat- buot bo’limlari bor. Kengashning viloyat bo’limlari mavjud. O’zbek, rus, ingliz tillarida chiqadigan «O’zbekiston» jurnali. Kengash nashridir.