O’ZGARUVCHAN VA O’ZGARMAS MIQDORLAR

O’ZGARUVCHAN VA O’ZGARMAS MIQDORLAR — ma’lum mulohaza doirasida turli qiymatlarni yoki mos holda faqat 1 ta qiymatni qabul qiladigan miqdorlar. Odatda, son qiymatli, vektor va matrisa qiymatli funktsiyalarga nisbatan qo’llanadi. Matematikada dastlab faqat o’zgarmas miqdorlar — sonlar, ma’lum figura o’lchovlari bilan ish ko’rilgan. 17-asr da tabiatshunoslik, xususan texnikaning taraqqiyoti taqozosi bilan harakat va boshqalar jarayonlar o’rganila boshlandi. Ikkinchi tomondan algebrada harfiy timsollar vujudga kelishi va analitik geometriyaning yaratilishi o’zgarmas miqdorlardan o’zgaruvchi miqdorlarni o’rganishga o’tish uchun qulay asos yaratildi. Differentsial hisob va integral hisob yaratilgach. O’zgaruvchan va o’zgarmas miqdorlar mexanik harakat va boshqalarga fizik jarayonlarning matematik ifodasi sifatida qaraldi. Keyinchalik bu tushunchalar aniq matematik ta’rif beriladigan o’zgaruvchi, funktsiya, dinamik sistema holati va traektoriyasi kabi tushunchalar bilan almashdi. O’zgaruvchan va o’zgarmas miqdorlar esa, asosan, matematik tushuncha va teoremalarni fizik izohlash vositasi bo’lib qoldi.