O’ZLASHMA SO’Z
O’ZLASHMA SO’Z — bir tildan ikkinchi tilga o’tgan so’z. Masalan, o’zbek tiliga fors-tojik tilidan o’zlashgan andisha, barg, tilla, shabnam; Arab tilidan o’zlashgan adabiyot, axloq, kitob, muallim; rus tilidan va u orqali o’zlashgan bank, gazeta, samovar, televizor so’zlari va boshqalar O’zlashma so’z ma’lum ijtimoiy- tarixiy voqealar, savdo va madaniy aloqalar tufayli bir tildan ikkinchi tilga o’tib o’zlashadi. Xususan, o’zbek xalqining tojiklar bilan qadimdan bir xil iqtisodiy tuzum sharoitida, qo’ni-qo’shni bo’lib yashab kelganligi tufayli fors-tojikcha so’zlar, Arab istilosi natijasida Arabcha so’zlar, O’rta Osiyoning Rossiyaga qo’shib olinishi oqibatida ruscha va yevropacha so’zlar o’zbek tiliga kirib o’zlashgan. O’zlashma so’z dastlabki davrda neologizm xarakterida bo’lsada, keyinchalik asta-sekin qabul qiluvchi til qonuniyatlariga bo’ysunishi, xuddi o’z so’zdek tabiiy va aniq bo’lishi (barg), fonetik qayta shakllanishi (karavot), grammatik singishi (bankdan), so’z yasash tizimida faol ishtirok etishi (traktorchi), takrortakror qo’llanishi tufayli uning yot elementligi sezilmay qoladi. O’zlashma so’z hosil qilishning turli usullari mavjud.