Panipat janglari
Panipat janglari — Dexlidan taxminan 100 kilometr shimolda joylashgan Panipat yalangligida tarixda sodir bo’lgan mashxur janglar. 1) Amir Temur qo’shini (92 ming kishi) bilan Dexli sultoni Sulton Mahmudxon qo’shini (10 ming otliq, 20 ming piyoda askar va 120 jangovar fil) o’rtasida sodir bo’lgan shiddatli jang (1398 yil 17 dekabr). Qo’shin safi oldida harakatlanuvchi fillarning xartumlari bir-biriga bog’langan, fillar ustiga kajavalar o’rnatilgan, ularda bir necha o’qchilar joylashtirilgan. Fillar qatori yonidan to’p ot-uvchilar — ra’dandozlar o’rin olgan. Qo’shinlar o’zaro yaqinlashgan chog’da Amir Temur o’z qarorgohi baholi do’ngligidan atrofni kuzata boshlaydi. Jang do’mbira va nog’oralar ovozi, karnay-surnay sadosi ostida boshlanadi. Sohibqiron askarlari fillarga nayza sanchadi, kajavada joylashgan merganlarni o’qqa tutadi. Yarador bo’lgan fillar filbonlarni uloktirib, orqaga qochgan, bu bilan hind qo’shiniga katta talafot yetkazgan. Biroq, shunga qaramay Sulton qo’shini qarshilik ko’rsatishni davom ettirgan. Sohibqiron qo’shini g’anim askarlarini qurshovga olib, fillarni o’lja qilgan. Sulton Mahmudxon ozgina otliq guruhi bilan jang maydonini tark etib, lashkarboshisi Malluxon bilan Dehliga yashiringan, kechasi esa ular shahardan qochishgan. 18 dekabr Dehlining buzurglari, Sayyidlari, qozilari, a’yonlari kelib Amir Temurdan shahar aholisi uchun omonlik tilaganlar. 2) Bobur qo’shini (12 ming askar) bilan Dexli sultoni Ibrohim Lo’diy qo’shini (100 ming jangchi va jangovar fillar) o’rtasidagi jang (1525 yil 21 aprel). Hind qo’shini tartibsiz tarzda jangni boshlagan. Boburning barang’or va juvong’ori to’lg’ama usuli bilan g’animning ort tomoniga o’tib unga kuchli zarbalar bergan. Ibrohim Lo’diy asosiy kuchlari va jangovar fillar bilan markazga hamla qilgan. Shunda Bobur ho’kizlarning xom terisidan eshilgan arqonlar bilan bir-biriga mahkam bog’langan 700 ta arava va ular orasiga o’rnatilgan turoqalqonlar panohida turgan tufakandozlarni jangga tashlaydi. Tufak va zambarak o’qlaridan yarador bo’lgan fillar chekinib ustlaridan filbonlarni yiqitib, piyodalarni yanchib o’tadi, hindlar sarosimaga tushib qochishga tushganlar. Sulton Ibrohim Lo’diy va taxminan 50 ming hind jangchisi halok bo’lgan. Bobur Dehli va Agrani zabt etib, shimoliy Hindistonda Boburiylar davlatiga asos soladi. 3) Dexli taxtiga da’vogar sur sulolasi vakillarining Xemu boshchiligidagi qo’shin bilan Akbar qo’shini o’rtasidagi jang (1556 yil, 5 noyabr). Xemu katta qarshilikka uchramay Dexli va Agrani egallagan. Akbar vaziri Bayramxon bilan Panjobdan kelib Xemuga qarshi yurish boshlagan. Panipatdagi jangda Xemu asir olinib, qatl etilgan. 4) Maratha hukmdorlarining Birlashgan qo’shini bilan afg’onlar hukmdori Ahmadshoh Durroniy qo’shini o’rtasidagi jang (1761 yil 14 yanvar). Jangda marathlar batamom yengilgan. Birok, bu g’alaba Ahmadshohga hech qanday naf keltirmaydi, chunki uning qo’shini orasida norozilik kuchaygan. Jangchilar maoshlarini to’lanishini va uylariga kaytishni talab qilishgan. Natijada Ahmadshoh 1761 yil Hindistonni tark etishga majbur bo’lgan. Manbalar: Giyasaddin Ali, Dnevnik poxoda Timura v Indiyu. Per. s Persid., predislovie i Primechaniya V.Semyonova, M., 1958; Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1996; Zahiriddin Muhammad Bobur, Boburnoma, T., 1960. Ad.: Dadaboev H., Amir Temurning harbiy mahorati, T., 1996. Hamidulla Dadaboyev.