Panzootiya

Panzootiya (Pan… va Yunoncha Zoon — hayvon) — hayvonlar o’rtasida yuqumli kasallikning g’oyat tez va keng tarqalishi. Panzootiyada yuqumli kasallik bir yoki bir necha mamlakatda, butun qit’ada keng tarqalib, deyarli hamma hayvon kasallanadi. Oqsil kasalligi, o’lat va boshqalar shunday kasalliklardan. Bu kasalliklar tez yuqadi, inkubasiya davri qisqa, kasal hayvon tuzalgandan keyin kuchli immunitet hosil bo’lmaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy omillar, birinchi navbatda, xo’jaliklarning mamlakat ichida va o’zaro tez-tez aloqada bo’lib turishi, shuningdek, mol boqish sharoitining o’zgarishi Panzootiya rivojlanishiga ma’lum darajada sabab bo’ladi. Panzootiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurashish kasalliklar qay darajada o’rganilganligiga, diagnostikaning samarali usullariga va profilaktikaning o’ziga xos vositalari, shuningdek, epizootik tadbirlarning to’la amalga oshirilishiga bog’liq.