PARLAMENT
PARLAMENT (fr. parler – gapirmoq) — demokratik davlatlarda oliy vakillik va qonunchilik organining nomi. Parlament birinchi marta XIII asrda Angliyada tabaqalarning vakillik organi sifatida tashkil qilingan. Oliy vakillik organlari turli mamlakatlarda turlicha ataladi. Jumladan, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Kanada, Belgiya va boshqa davlatlarda Parlament; AQSH va Lotin Amerikasining aksariyat mamlakatlarida Kongress, Rossiya Federatsiyasida – Federal Majlis, Turkiyada – Buyuk millat majlisi, Litva, Latviya, Polshada – Seym va h.k. O’zbekistonda esa Oliy Majlisdir. Parlament tuzilishiga ko’ra bir palatali va ikki palatali tizim shaklida bo’ladi. Tarixda uch palatali Parlament ham bo’lgan (masalan, JARda 1984-1994 yillarda). Parlamentni tashkil qilish tartibi, vakolat muddati, vakolat doirasi turli mamlakatlarda turlicha bo’lib, ular Konstitutsiya hamda qonunlarda belgilab qo’yiladi.