Pataliputra
Pataliputra — qadimgi Hindistondagi shahar, qadimgi dunyoning eng buyuk shaharlaridan biri (taxminan 16×3 kilometr maydonni egallagan). An’anaga ko’ra, miloddan avvalgi 5-asr o’rtalarida podsho Ajatashatru tomonidan Lichchxavlar davlatiga qarshi qal’a sifatida bunyod etilib, tez orada Shimoliy Hindistondagi eng muhim savdo, hunarmandchilik va madaniy markazga va Magadxa davlatining poytaxtiga aylangan. Pataliputra Nandlar, Mauriyalar, Shunglar, guptalar imperiyasining poytaxti bo’lgan. Guptalar hukmronligining oxirida (5-6-asrlar) Pataliputra tanazzulga uchrab, xarobaga aylangan. Pataliputra xarobalari yaqinida, Gang daryosi bo’yida, hozirgi Patna shahri qad ko’targan. Arxeologik qazishmalar natijasida Pataliputradan Mauriyalar saroyiga tegishli yog’och va g’ishtdan ishlangan binolar, ko’plab san’at obidalari topilgan.