PICHOQ

PICHOQ — 1) bir tomoni charxlab o’tkirlangan, plastinkasimon uzunchoq keskir asbob. Pichoq asosan tig’va dasta (sop) dan iborat. Tig’ Pichoqning kesadigan qismi hisoblanadi. Dastasi (sopi) yog’och, suyak, plastmassa va ba’zan temirdan ishlanadi. Ular suqma, yorma va naqshdor bo’ladi. Dasta mustahkam turishi uchun mis halqachalar — gulband qo’yiladi. Tuzilishiga ko’ra, Pichoq to’g’ri, Qayqi, bodomcha; o’lchamiga ko’ra — o’rtasuyamlik, gezlik, bolapichoq, chalabuzar, mardona; bezatilishiga ko’ra — sodda, guldor, chilmixgulli, rufta, sadafli, dandop sopli va boshqalar; yasalish usuliga ko’ra, Chust (tus) Pichoq, Poytug Pichoq, qo’qop Pichoq, Qorasuv Pichoq, Shahrixon Pichoq, Xiva Pichoq xillarga bo’linadi. Ishlatilishiga qarab, Pichoqlar o’tkir uchli va to’mtoq uchli qilib yasalishi; buklama (pakki); tugmacha va prujinali (tugmachasi bosilganda tig’i irg’ib ochiladigan) bo’lishi mumkin. Pichoqni shikastlanishdan saqlash uchun maxsus moslama — qinga solib qo’yiladi. Qin gazlama, mstall, temir, charm, yog’och va boshqalardan yasalib, unga turli badiiy o’yma naqshlar qilipadi. O’zbekistonda ilgari Pichoq asosan temirchilik do’konlarida tayyorlangan, hozir mahalliy sanoat korxonalarida hamda xususiy kichik korxonalar (do’konlar)da ishlab chiqariladi. Pichoqlar uy-ro’zg’or va xo’jalikda, bog’dorchilik, kosibchilik, ovchilik va boshqalarda qo’llanadi; 2) mashina va mexanizmlarning kesuvchi, qirquvchi va o’yuvchi qismlari. Yog’ochsozlik sanoati, yog’och o’ymakorligi, oziq-ovqat sanoati, qishloq xo’jalik mashinalarida, taxta tilish, faner yo’nish, yog’och o’yish, silos va somon maydalash, karam qirqish va boshqa ishlarni bajarish uchun mo’ljallangan Pichoqlar bo’ladi. Ular freza, disk, o’tkir uchli plastina va boshqa ko’rinishda yasaladi; 3) elektrotexnikada rubilniklar va shtepsellardagi qisqichlar ham Pichoq deb ataladi.