PODGORITSA

PODGORITSA (1952-1992 yillarda Titograd) — Chernogoriya Respublikasi poytaxti. Skadar ko’li soyligida joylashgan. Aholisi 118,1 ming kishi (1998). Transport yo’llarining yirik chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Alyuminiy kombinati, metallsozlik, mebel, to’qimachilik, tamaki, oziq-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Chernogoriya fan va san’at akademiyasi, universitet bor. Qadimda Podgoritsa o’rnida rimliklarning Virziminium qishlog’i bo’lgan. 7-asrda Chernogoriyani slavyan qabilalari egallagach, qishloq Ribnisa deb ataldi. 12-asr 80-yillari — 1360 yilda Podgoritsa deb nomlangan. 1427 yildan Podgoritsa Zet knyazligi markazi. 15-asrning oxirlaridan Usmonli turk imperiyasi tarkibida, 1878 yilda Chernogoriyaga qaytarilgan. Podgoritsada me’moriy yodgorliklardan turklar qurgan qal’a qoldiqlari (15-asr), 17-19-asrlarda qurilgan binolar hamda shahar yaqinida antik Dokley shahri xarobalari, cherkov va boshqalar saqlangan.