POLIMERLAR KIMYOSI VA FIZIKASI INSTITUTI
POLIMERLAR KIMYOSI VA FIZIKASI INSTITUTI, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti — ilmiy tadqiqot muassasasi. 1981 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi tarkibidagi polimerlar kimyosi bo’limi (1979) negizida tashkil etilgan. Institutning asosiy fundamental ilmiy yo’nalishi talab etiladigan xossalarga ega bo’lgan polimerlar va kompozitsion polimer materiallarning yangi turlarini sintez qilishning nazariy asoslarini ishlab chiqish, ularni qayta ishlash va ishlab chiqarish texnologiyasini tashkil etishdan iborat. Institutda olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida qishloq xo’jalik va tibbiyot uchun zarur biologik faol polimerlar sintezi yo’lga qo’yildi, o’sishni boshqaruvchi, bakterisid, fungisid va immunomodullash xususiyatiga ega bo’lgan polimer tizimlarining yangi turlarini sintez qilishga sinergetik yondoshish joriy etildi, kimyoviy modullash usuli bilan farmasevtikada keng qo’llanishi mumkin bo’lgan ekologik toza polisaxaridlar sintezi har taraflama o’rganildi. Paxta momig’idan turli maqsadlarga mo’ljallangan paxta tsellyulozasi olindi, uni karboksimetillash, atsezillash mumkinligi aniqlandi, kukun va monokristall holatdagi tsellyuloza olish texnologiyalari ishlab chiqildi va ular asosida dori-darmonlar, tibbiyot uchun zarur mahsulotlar olindi. O’simliklarning kimyoviy himoya vositalari sifatida suvda eruvchan, kam zararli polimer dorivor shakli, biologik faol komponentlar samaradorligini oshiruvchi, paxta, sholi, qand lavlagi, makkajo’xori va bug’doy urug’larini kapsulalashning ekologik xavfsiz texnologiyalari ishlab chiqildi. O’simliklarni kimyoviy himoyalashga yo’naltirilgan, fungisid va o’sishni boshqaruvchi hamda qishloq xo’jalik mahsulotlari uru-g’ini kapsulalash vositasi — «O’zXITAN», fungisid xossali oksadeksil kimyoviy vositaning urug’lik chigitni kapsulalashda qo’llanadigan polimer shakli — «Polisand», qayta ishlashga yaroqli «paxta tsellyuloza»si qog’ozi «Novilon», «Kagotsel», «nitrogliserin», «limonli Pektin», «Mikrosel» kabi dorivor moddalar olindi va amaliyotga tavsiya etildi. Polimerlar kimyosi va fizikasining istiqbolli kelajagi — nanopolimerlarning yangi turlarini sintez qilish, polimer tizimlarida nanostrukturalarning shakllanish mexanizmlarini tekshirish, ularni barqarorlashtirish borasida izlanishlar olib borilmoqda. Institutda 8 ta laboratoriya bo’lib, ularda 120 dan ortiq xodim ishlaydi, shulardan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (S.Sh. Rashidova), 8 fan doktori, 24 fan nomzodi faoliyat ko’rsatadi (2005).