Pompey nima?
Italiyaning ko’plab diqqatga sazovor joylari orasida Pompey vayronalari nihoyatda zavq-baxshlaridan biri sanaladi. Darvoqe, yoshi 2 000 yil atrofida bo’lgan, o’zining asl ko’rinishida qadimiy shaharlarning deyarli istalganidan bizning zamonamizga qadar yaxshiroq saqlangan shaharni vayrona deb atash unchalik to’g’ri bo’lmasdi. Xo’sh, nega shunday? Gap shundaki, miloddan avvalgi 74 yilning 24 avgustida Janubiy Italiyada joylashgan, o’sha kezlargacha mudrab yotgan Vezuviy vulqonining kuchli otilishi ro’y beradi. Kraterdan-vulqon o’pqonidan otilib chiqqan lava, toshlar va kulning qalin qatlami shu yaqin-atrofdagi ikki shaharni qamrab olib, butunlay ko’mib yuboradi. Vulqondan 3-4 km uzoqda joylashgan Gerkulanum shahri vulqon tog’yonbag’ridan oqib tushayotgan bo’tana oqim to’lqinlari ostida chuqur berkinib qoladi. Vezuviydan xiyla uzoqroqda joylashgan Pompey kul va pemza — yengil tog’ jinsining — quruq «yomg’iri» ostida ko’miladi. Pompey bu «yog’ingarchilik»ning besh-olti metrli qatlami ostida qolib ketdi. Nam tortgan kul uyumi tuproqqa aylana boshladi va oqibatda uning qa’rida qolib ketgan jamiki narsalar haykaltaroshlar o’z asarlarini yaratish chog’ida foydalanadiganlarga o’xshash shakllarga tadrij etadi. Shu tarzda, har ikkala shahar bizga qadar o’zgarmagan holatda saqlanib qoldi. Vulqon otilishi to’xtaganidan keyin halokatni boshdan kechirgan shaharlar ahli avvalgi makonlariga qaytdilar va qalin kul qatlami ostidagi boyliklarning salmoqli qismini, shu jumladan yirik imoratlar uchun bezaklov va qurilish materiali bo’lib xizmat qilgan marmar taxtachalarni ham qazib olishga musharraf bo’ldilar. O’rta asrlarda bu voqea unutiladi. 1594 yili bu yerda vodoprovod-suv yo’li qurilishi boshlanadi va ikkala shahar xarobalari qaytadan topiladi. Biroq, Pompeydagi chinakam qadimshunoslik-arxeologiya ishlari faqatgina 1763 yilda boshlandi va haligacha davom ettirilmoqda. Shunga qaramay, kishilar nechog’li zo’r berib urinmasinlar, shaharning salmoqli qismi hali ham ularning nazaridan chetda — kuliston bag’ridadir!