Po’rsildoq yara
Po’rsildoq yara, pemfigus — terining rangi o’zgarmagan holda, turli sabablarga ko’ra, unga toshma toshishi bilan o’tadigan kasalliklar guruhi. Surunkali Po’rsildoq yara, chaqaloqlar va zaxm Po’rsildoq yarasi farq qilinadi. Surunkali Po’rsildoq yara (asl Po’rsildoq yara) teri va shilliq qavatlarga qayta-qayta Pufakchalar toshib turishi bilan tavsiflanadi. Toshmalar yorilib, shu sohalar qattiq og’riydi. Bemor isitmalaydi, uyqusi, ishtaqasi yo’qoladi, ozib ktadi. Kasallik bir oy, ba’zan bir yil davom etadi. Ko’pincha nerv sistemasi zararlanadi, moddalar almashinuvi buziladi. Chaqaloqlar Po’rsildoq yarasi — yiringli mikroblar qo’zg’atadigan o’tkir kasallik (chaqaloklar hayotining dastlabki kunlarida paydo bo’ladi). Chaqaloqning tanasi, oyoq va qo’llari terisida no’xatdan tortib yong’oqdek kattalikda Pufaklar paydo bo’ladi (ular yorilgan joy suv achib, bezillab turadi). Kasallik 6 — 8 kun davom etib, tuzalib ketadi. Lekin nozik chaqaloqlarda juda og’ir kechadi. Kasal chaqaloqni sog’lom bolalardan ajratib qo’yib, vrach buyurgan dori-darmonlar bilan davolash kerak. Chaqaloqning ichki kiyimlari va yo’rgagi, albatta, dazmollanadi. Zaxm Po’rsildoq yarasida kaft yuzasi va oyoq tagida, boldir va bilakda, ba’zan badan va yuzda yallig’lanib, sog’lom teridan ajralib turadigan hoshiyali pufakchalar paydo bo’ladi. Zaxm Po’rsildoq yarasida ichki a’zolar ham zararlanishi mumkin. Bemor zaxmga qarshi qo’llaniladigan dori-darmonlar bilan davolanadi.