Poytaxt

Poytaxt — davlatning bosh shahri, mamlakatning ma’muriy-siyosiy markazi. Poytaxt, odatda, Markaziy (umummilliy) xukumat, parlament va sud muassasalari qarorgohi hisoblanadi. Odatda, Poytaxt alohida boshqaruv tartibi bo’lgan mustaqil ma’muriy birlikka ajratiladi. Ko’pchilik Federativ davlatlarda Poytaxt federatsiyaning biron-bir sub’yekti tarkibiga kirmaydigan va federatsiyaning mustaqil sub’yekti hisoblanmaydigan maxsus federal okrug hududida joylashgan bo’ladi. Ko’pchilik mamlakatlarda Poytaxt qayerda bo’lishi Konstitutsiya matnida to’g’ridan-to’g’ri ko’rsatiladi. Chunonchi, O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 6-moddasida «O’zbekiston Respublikasining poytaxti — Toshkent shahri» deyilgan.