Progesteron

Progesteron (lotincha pro — avval va gestatio — homiladorlik) — urg’ochi umurtqali hayvonlar va ayollar jinsiy gormoni. Kimyoviy tabiatiga ko’ra, steroid, organizmda xolesterindan sintezlanadi. Asosan, tuxumdonning sariq tanasida hosil bo’ladi. Homiladorlik davrida ayol organizmida, bo’g’ozlik va urchish davrida urg’ochi hayvonlarda moddalar almashinuvini rostlab turadi. Tibbiyotda Progesteron va uning sintetik mahsulotlari sariq tana funktsiyasi buzilganda, jinsiy a’zolarning biror-bir kamchiliklarida, bola tashlash hollarida, farzandsizlikda buyuriladi. Progesteron va uning tabiiy hamda sintetik analoglari umumiy nom bilan progestinlar yoki gestagenlar deb ataladi.