Puebla

Puebla — Meksikadagi shtat. Maydoni 33,9 ming km2. Aholisi 5,1 million kishi (2000), ma’muriy markazi — Puebla shahri. Hududining katta qismini Meksika qo’ltig’i va Balsas botig’iga yo’nalgan yon bag’irlari egallagan. Tog’yon bag’irlari daryolar bilan chuqur o’yilgan. Shtatda vulkanlar (jumladan, Meksikaning eng baland joyi — Orisaba vulkani, 5700 metr) bor. Iqlimi tog’-tropik iqlim, o’rtacha oylik temperaturalar 12-15° dan 17-20° gacha. Yillik yog’in soyliklarda 500-600 mm dan shamolga ro’para yon bag’irlarda 2000-3000 mm gacha. Iqtisodiyotida qishloq xo’jaligi yetakchi. Makkajo’xori, dukkakli ekinlar, kartoshka yetishtiriladi. Tog’ oldilarida kofe plantasiyalari bor, tropik mevachilik rivojlangan. Jun uchun qo’y boqiladi. Ip gazlama, oziq-ovqat, kimyo, avtomobilsozlik sanoati korxonalari mavjud. Turizm rivojlangan. Tog’-iqlim kurortlari bor.