Purizm
Purizm (Fransuzcha purisme, lotincha Purus — sof, toza) — 1) adabiy tilni boshqa tillardan olingan o’zlashtirmalar, neologizmlardan tozalash hamda adabiy tilga me’yorlanmagan leksik va grammatik (xalqchil so’zlashuv, sodda tilga oid, sheva va boshqalar) unsurlarni tabiiy ravishda kirib kelishidan saqlashga intilish. Milliy adabiy tillar shakllanishi davrida Purizm turli siyosiy va madaniy oqimlar bilan bog’lanishi mumkin. 2) urf-odatlar (fe’l-atvorlar)ning sofligi va jiddiyligiga (ba’zida yuzaki tarzda) intilish. Purizmga milliy adabiy tillar me’yorlari shakllanish davri va adabiy tilning uslubiy tizimidagi o’zgarishlar (leksikaga yangi unsurlarning oqib kelishi, ularning uslubiy jihatdan qayta taqsimlanishi) xos bo’lib, u ko’p hollarda ayrim siyosiy va madaniy oqimlar bilan bog’liq (masalan, Vengriya, Chexoslovakiya, Turkiya, Hindistonda adabiy tillarning vujudga kelishi). Puristlar milliy tilning o’ziga xosligini — uning hattoki o’zlashtirilgan (chet tillardan olinib, allaqachon iste’molga kirgan zaruriy unsurlardan to’la ozod bo’lishi bilan izohlaganlar.