Pyatigorsk

Pyatigorsk — Rossiya Federatsiyasi Stavropol o’lkasidagi shahar (1830 yildan). Kavkaz Mineral suvlari guruhidagi balneologik va balchiq kurorti. Podkumok daryosi bo’yida, Mashuk tog’i yon bag’rida. Temir yo’l stantsiyasi. Aholisi 133,3 ming kishi (1998). Sanoati, asosan, kurort ehtiyoji uchun xizmat qiladi (oziq-ovqat, yengil sanoat korxonalari), shuningdek, elektromexanika va qishloq xo’jalik mashinalari zavodlari bor. Pedagogika va farmatsevtika institutlari, teatr, o’lkashunoslik muzeyi, M.Yu.Lermontov davlat muzey-qo’riqxonasi mavjud. Yozi iliq (iyulning temperaturasi 22°), qishi mo’tadil yumshoq (yanvarning o’rtacha temperaturasi -4°); yillik yog’in 475 mm. Harakat va tayanch organlari, Markaziy va Periferik asab sistemasi, teri, ginekologik kasalliklar, shuningdek, yurak-tomir sistemasi, hazm organlari kasalliklari bilan og’rigan bemorlar davolanadi. Davolash vannalari bor. Tarixiy me’moriy yodgorliklardan «eol arfasi» shiyponchasi (1828), «Diana groti» (1830-31) mavjud.