«Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar»
«Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» (asl nomi «Alosor al Boqiya an alqurun alholiya») — Beruniyning yirik entsiklopedik asari. 1000-03 yillarda Jurjon shahrida yozilgan va Jurjon hokimi Qobus ibn Vashmgirga taqdim etilgan. Asarda O’rta Osiyo xalqlari, yahudiy, yunon va boshqalar xalqlarning yil hisoblari, hayitlari, mashhur kunlari, ijtimoiy, madaniy va ilmiy hayotining tarixi, urf-odatlari, dunyoqarashlari hamda O’rta Osiyoning arablar tomonidan istilo qilinishi haqida to’liq ma’lumotlar berilgan. Unda olimning tabiiy fanlarning turli sohalariga, jumladan, astronomiya, matematika, fizika, xaritagrafiya va boshqalar fanlarga oid kashfiyotlari o’z ifodasini topgan. Asar Yevropada 19- asr ning 2-yarmida ma’lum bo’lgan. Nemis sharqshunosi E.Zaxau 1876-78 yillarda asarning Arabcha matnini, 1879 yilda ingliz tilidagi tarjimasini («Sharq xalqlarining tarixi» nomi bilan) nashr ettirgan. Ko’pincha ilmiy adabiyotda «Xronologiya» deb ham ataladigan bo’lgan. Eronlik olim Sayrafiy 1943 yilda Tehronda fors tilida chiqargan. Asarning ruscha tarjimasi 1957 yilda, O’zbekcha tarjimasi 1968 yilda Toshkentda Beruniy «tanlangan asarlari» turkumida (1-jild) O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tomonidan nashr qilingan.