Qadimgi xorazmliklarning madaniyati, san’ati va diniy qarashlari
Ko’plab qadimgi yozma manbalar Markaziy Osiyo hududidagi dastlabki madaniy jihatdan taraqqiy etgan davlatlar eramizdan avvalgi 1 ming yillikning 1-yarmi oxirlaridayoq paydo bo’lganligini ko’rsatadi. Masalan, eramizdan avvalgi VI asrda eronlik Ahamoniylar (Kir)ning massagetlar yurti (ko’hna Xorazm davlati)ni bosib olishga bo’lgan harakati, mustaqil va iqtisodiy-madaniy jihatdan rivojlangan Xorazm davlati “Avesto” tilida Xvarizam, qadimgi fors tilida Xvarazmish, qadimgi yunon tilida Xorasmiya deb atalishi buning dalilidir. Xorasmiy, sakaravak, debik, dax, yaksart kabi ko’plab qabilalarni birlashtirgan qadimgi Xorazm davlati eramizdan avvalgi VI asrga kelib ahamoniylar (eron) davlatiga bo’ysungan.
Olib borilgan arxeologik qazishmalar hamda qadimgi yunon va xitoy tarixchilarining asarlari qadimgi Xorazm madaniyati yuksak darajada rivojlanganligini ko’rsatadi. Qadimgi Xorazm davlatining yuksak madaniy taraqqiyotga erishishida bir tomondan, Yaqin Sharq, Xitoy va Shimoliy Hindiston bilan, ikkinchi tomondan, Sharqiy va Janubiy Yevropa (ko’proq Volga daryosi bo’ylari) xalqlari bilan olib borgan madaniy-iqtisodiy aloqalari muhim rol o’ynagan.
Qadimgi Xorazm hukmdorlari mamlakatning iqtisodiy-madaniy jihatdan yuksalishi uchun ko’plab tadbirlarni: tangalar zarb qilish, boshqa davlatlar bilan savdo-sotiqni rivojlantirish, sug’orma dehqonchilikni kengaytirish ishlarini olib borganlar. Mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti ko’plab shaharlar, qal’alar, qasrlar va istehkomlar qurilishida o’z aksini topgan. Ko’hna xarobalarini tekshirish bu o’lkada yirik suv inshootlari, qal’alar, ko’plab karvonsaroylar mavjud bo’lganligini, shaharlarda hunarmandchilik v savdo-sotiq gurkirab rivojlanganligini ko’rsatadi.
Qadimgi Xorazm ma’naviy madaniyatining qay darajada rivojlanganligini Xorazm yozuvi va diniy dunyoqarashning mavjud bo’lganligidan, bu vohada hozirgi kunimizgacha saqlanib kelinayotgan xalq og’zaki ijodi: afsonalar, rivoyatlar, doston va qo’shiqlardan ham bilsak bo’ladi.
Qadimgi Xorazm tarixi, davlatchiligi, afsonaviy qahramonlari haqida ko’plab afsonalar to’qilgan. Masalan, “Ayozqal’a” afsonasida Orol dengizining paydo bo’lishi va Xorazmning vujudga kelishi haqida so’z yuritiladi. Afsonaga ko’ra dastlab Orol dengizi bo’lmagan. Uning o’rnida berahm va munofiq hukmdor Fosilxon hukmronlik qilgan addax xalqi yashagan. Fosilxon o’zining dahshatli jinoyatlari va bir avliyoning qizi nomusini toptalganligi uchun avliyoning qarg’ishiga uchraydi. Natijada Amu va Sir daryolar o’z o’zanlarini o’zgartirib, Fosilxon podsholigi hududiga – hozirgi Orolga quyila boshlaydi va podsholik suv ostida qoladi. Dono va adolatpesha Ayozxon boshchiligidagi Boysun aholisi esa Xorazmga ko’chib kelib, Urganch podsholigiga asos soladi.
Firdavsiyning “Shohnoma” dostonida “Avesto”da tilga olingan dastlabki Xorazm sulolasining asoschisi Siyovush haqida so’z yuritiladi.
:Siyovush haqida afsona”da esa turonlik go’zal qizdan tug’ilgan Siyovushning yoshlikda yaxshi tarbiy olganligi, o’gay onasining tuhmati tufayli nohaq ayblanishi, o’z obro’sini qayta tiklashi uchun suyukli oti bilan katta olovdan beshikast o’tib olishi, uning Turon o’lkasiga yurishi, urushdan so’ng Afrosiyob huzuriga borib, uning qiziga uylanishi, qaynotasi in’om qilgan yerda Siyovaxsh qasrini qurganligi, tuhmatga uchrab, o’z qaynotasi Afrosiyob tomonidan o’ldirilishi hamda Siyovushning o’g’li bobosi Afrosiyobni jangda yengib, birinchi Xorazm sulolasiga asos solganligi hikoya qilinadi.
Qadimgi Ko’zaliqir, Qal’aliqir, Jonbosqal’a, Tuproqqal’a, Ayozqal’a, Bozorqal’a, Qangaqal’a, Qirqqiz kabi ko’plab qal’alarda olib borilgan arxeologik izlanishlar qadimgi Xorazmning nafaqat moddiy madaniyati, balki arxitektura va amaliy bezak san’ati ham yuksak darajada rivojlanganligidan dalolat beradi. Birgina Tuproqqal’adagi izlanishlarning o’zi qadimgi Xorazm shaharlarining puxta reja asosida qurilganligini, qurilish san’ati yuksak darajada bo’lganligini ko’rsatadi. Qal’adagi saroy nihoyatda mahobatli va go’zal bunyod etilgan. Saroy ichida joylashgan “Podsho zali”, “Askar zali”, “Raqqoslar zali”, “G’alaba zali” kabi ko’plab zallarning har biri o’ziga xos tarzda bezatilgan.
Xorazm vohasidagi ko’plab qadimgi qal’alar o’z qa’rida xorazmliklarning badiiy dunyoqarashi namunalarini saqlab kelgan. Mashhur arxeolog S.P.Tolstov Jonbosqal’a va Tuproqqal’a xarobalarini o’rganib, Jonbosqal’adan ko’plab terrakota haykalchalari, Tuproqqal’adan esa qadimgi xorazm hukmdorlari tomonidan zarb qilingan tangalarni topadi. Shu boisdan ham S.P.Tolstov Jonbosqal’ani “Haykallar muzeyi”, Tuproqqal’ani esa “Behisob tangalar muzeyi” deb atagan.
Qal’alar (masalan, Qo’yqirilganqal’a) ichidan topilgan turfa ashyolar Qangyuy davrida (eramizdan avvalgi IV-I asrlarda) qal’a aholisining madaniy hayoti, dunyoqarashi, turmush tarsi qanday bo’lganligini ko’rsatadi. Sopoldan yasalgan suvdonlarning tashqi bezaklari, og’zi odam shaklida ishlangan kichik idishlar, ot va grifonlar surati tushirilgan turli xil rangdagi sopol ritonlar, kichik hajmdagi sopol haykalchalar, dastsi fil yoki ot boshiga o’xshab yasalgan ko’zalar qadimgi Xorazm haykaltaroshligi va amaliy bezak san’ati haqida ma’lumot beradi. Bo’rtma tasvirlar orasida sharob ko’targan keksa bog’bon, jimjima jiyakli kamzul va burmali ko’ylak kiyib olib, bir qo’lida ko’zacha, ikkinchida qadah tutgan ayol haykalchasi qadimgi xorazmliklarning nafis didga ega ekanligini ko’rsatadi.
Qal’a xonalari devoriga ishlangan rang-barang naqshlar, ot, tuya, qo’y va boshqa hayvonlar hamda qushlar tasviri, zardushtiylik dini talablari asosida o’lgan odamlarning suyaklari solib qo’yiladigan sopoldan yasalgan quti (ossuariy-ostadon)lar tashqi bezaklari o’sha davr san’atkorlarining badiiy tafakkuri nihoyatda yuqori bo’lganligidan dalolat beradi.
Qal’a ichidan topilgan haykalchalar orasida ot tasviri tushirilgan haykallar ko’p uchraydi.
Arxeologik qazishmalar natijasida topilgn buyum va bezaklar ko’p uchraydigan afsonaviy tasvirlar, ayrim xudolarning timsollarini ifodalovchi haykal va rasmlar uzoq o’tmishdagi xorazmliklarning diniy e’tiqodlari, urf-odatlari haqida mulohaza yuritishga imkon beradi. Har xil idishlar, xanjar v pichoq dastalari, bilaguzuk v isirg’alar, to’g’nag’ich va to’qalarga yasalgan echki va qo’ylar, qanotli qo’chqorsimon yoki otsimon maxluqlar, yarimodam, yarimilon, bo’ri yoki sher shaklidagi afsonaviy obraz (timsollar) tamg’a va muhrlardagi har xil qush va hayvonlarning tasviri oddiy san’at namunasi bo’libgina qolmay, balki ilk diniy e’tiqod buyumlar va diniy tasavvurlar mahsulidir.
Qadimgi Xorazm tili va yozuvi. Qadimda har bir rivojlangan davlatning o’z yozuvi mavjud bo’lganidek, Qadimgi Xorazmning ham eng katta ma’naviy boyligi – yozuvi mavjud bo’lgan. Qadimgi Xorazm yozuvi taxminlarg ko’ra eramizdan avvalgi III asrning oxirlari va II asrning boshlarida Oromiy yozuvi ta’siri ostida shakllangan.
Qadimgi Xorazm yozuvining dastlabki namunasi ilk bor S.P.Tolstov rahbarligidagi ekspeditsiyaning Qo’yqirilganqal’ada olib borgan tekshiruvi natijasida topilgan edi. Eroncha “Aspabarak” yoki “Aspabadak” (“Otda ketayotgan”) so’zi xumcha chanbaragi ostiga yozib qo’yilgan. Bundan tashqari yana xumcha va ayolni tasvirlovchi haykalchaning orqa tomoniga yozilgan boshqa yozuvlar ham topilgan. Bu yozuvni S.P.Tolstov “O’rta Osiyodan topilgan yozuvlar ichidagi eng qadimiysidir”,- degan edi.
Arablar bosqinchiligi natijasida qadimgi Xorazm tilida yozilgan asarlar, arxiv hujjatlari yo’q bo’lib ketgan. Beruniy ta’kidlaganidek, Xorazm yozuvi teri, yog’och, sopol, metall, tangalar tushirilgan.
Xullas, Qadimgi Xorazm yozuvi Oromiy yozuvining eng dastlabki an’analarini saqlab qolgan yozuv bo’lgan.
Diniy qarashlari. Qadimgi Xorazm o’lkasi tarixi va etnografiyasini keng tadqiq etgan S.P.Tolstov, Ya.G’ulomov, I.Jabborov va boshqalar xorazmliklarning eng dastlabki diniy tasavvurlari animism, totemism, fetishizm, magik ko’rinishda bo’lganligi va eramizdan avvalgi I ming yillik o’rtalariga kelib, quyosh so’ngra esa olovga sig’inganliklarini ko’rsatib o’tadilar.
Etnograf olim G.Snesaryev esa xorazmliklar bir zamonlar quyoshga topinganlar, e’tiqod belgisi hisoblangan quyosh tasviri uy-ro’zg’or jihozlari hisoblangan turli xil idishlar, namat, gilam, eshiklarda muhrlanganligini ta’kidlab o’tadi.
O’zbekistonning boshqa hududlariga nisbatan iqlimi sovuq keladigan xorazmliklar uchun quyosh tafti va yorug’ligi o’ta muhim bo’lgan. Shu boisdan ham qadimgi xorazmliklar dastlab quyoshni, so’ngra olovni muqaddashtirganlar.
Eramizdan avvalgi V-I asrlar zardushtiylik dinining shakllanishi va mustahkamlanishi davrlari hisoblanadi. Xuddi mana shu davrda bunyod etilgan qadimgi Xorazm shahar-qal’alari: Qo’yqirilganqal’a, Jonbosqal’a, Bozorqal’a, Ayozqal’a, Tuproqqal’alarda olib borilgan tadqiqotlar ularning barchasida otashparastlar ibodatxonalari mavjud bo’lganligini ko’rsatadi. Ayrim qal’alar (masalan, Jonbosqal’a)dan topilgan buyumlardan ot tasviri yoki sopol haykalchalar qadimgi xorazmliklarning otga sig’inishi (totemistic qarashlari)dan darak beradi. Albatta, ko’hna Xorazmning keyingi davlar tarixida “Avesto”da ko’rsatilgan dehqonchilik ma’budasi Anaitaga, Amudaryo xudosi va kemachilar homiysi Er Xubbiga va tabiat hodisalariga sig’inish mavjud bo’lganligini ko’rsatadi.
Umuman olganda, qadimgi, qadimgi xorazmliklarning afsonalari, yozuvi va diniy qarashlari qal’alardan topilgan san’at va hunarmandchilik namunalari bu o’lka xalqlarining ma’naviy madaniyati, estetik didi va dunyoqarashi nihoyatda yuqori bo’lganligini ko’rsatadi. Beruniyning ma’lumotlariga ko’ra va olimlarning tasdiqlashicha, eramizdan avvalgi III-II asrlarda Xorazmda Qo’yqirilganqal’a mustaqil astranomik kuzatish ishlari olib borilgan markaz va yulduz jadvali mavjud bo’lgan.