Qalmoqlar, qalmiqlar
Qalmoqlar, qalmiqlar (o’zlarini xalmg deb atashadi) — xalq, Qalmog’istonning asosiy aholisi (146 ming kishidan ziyod); Rossiy Federatsiyasida jami 166 ming kishi (1990-yillar o’rtalari). Qalmoq tilida so’zlashadi. Dindorlari — buddaviylar; pravoslavlar ham bor. Milodiy 1-ming yillik va 2-ming yillikning boshlarida Qalmoqlarning ajdodlari (oyrotlar), yirik siyosiy uyushmalar dunxu, syanbi, jujanlar, kidanlar tarkibiga, 13-14-asrlarda Chingizxon va vorislari davlati tarkibiga kirgan. 16-asr oxiri — 17-asrning 1-choragida Qalmoqlar Rossiya chegaralariga, Volganing quyi oqimi va Kaspiy bo’ylariga ko’chib o’tib, rus fuqaroligini olishgan. Ular joylashgan hozirgi hududda asosiy negizi oyrotlardan iborat bo’lgan Qalmoqlar elati shakllangan. Qalmoqlar chorvachilik, dehqonchilik bilan shug’ullanadi.