Qancha iqlim turlari mavjud?
Yer yuzida iqlimning bir talay rang-barang turlari mavjud. Binobarin, iqlim — harorat, namlik, shamollar va quyosh yog’dularining bir maskanda muayyan bir paytdagi ko’rsatkichlarining quramasi-kombinasiyasidir. Dunyo iqlimlari muayyan joyning jug’rofiy kengligiga ko’ra va o’sha makonda o’sadigan o’simliklar bo’yicha tasniflanishi mumkin. O’simliklarning har xil turlari o’z rivojlanishi uchun turli miqdordagi namlik va yorug’likni talab qiladi. Shu boisdan muayyan joyning o’simliklari vaqtning salmoqli oralig’i mobaynidagi harorat va namlik haqida guvohlik bera oladi. Asosan yana o’z ichida turlanadigan beshta asosiy iqlim turini farqlab ko’rsatadilar. Tropik, subtropik, o’rta kengliklar, yuqori kengliklar va baland tog’liklar iqlimlari mavjud. Tropik iqlimga biz 30 daraja Shimoliy va 30 daraja Janubiy kengliklar oralig’idagi joylarda duch kelamiz. Tropik namchil o’rmonlarda (ekvatorga eng yaqin) yil davomida issiq va nam bo’ladi. Tropik mintaqalarda quyidagilar ajralib turadi: tropik nam-kontinental (qit’aviy) iqlim; iqlimi o’rmonlar uchun nihoyatda quruq bo’lgan savannalar; tropik dashtlar (hali tuproq saqlangan makonlar) va tropik sahrolar. Shimoliy va Janubiy kengliklarning 30 va 40 darajalari oralig’ida subtropik iqlim hukmron bo’ladi. Biz bunda jazirama, qaqroq yoz va yumshoq, namgarchilik xos bo’lgan O’rtayer dengizi iqlimiga; yozi jazirama va qishi yumshoq, yilning barcha fasllarida o’rmonlar baravj o’sishi uchun yetarli miqdorda yog’in yog’adigan sof subtropik iqlimga duch kelamiz. O’rta kengliklar iqlimlari Shimoliy va Janubiy kengliklarning 60 va 40 darajalari oralig’idagi mintaqalarga xosdir. Shimoliy Amerika g’arbiy sohillarining iqlimi; har biri turli-tuman o’simliklar va yog’ingarchilikning har xil miqdorlari bilan tavsiflanadigan namchil qit’aviy iqlimlar shunga kiritiladi. Yuqori kengliklar iqlimlari Shimoliy va Janubiy kengliklarning 60 darajasidan qutbga qadar bo’lgan mintaqalarga xosdir. Bunda qishda judayam sovuq, yozda esa salqinroq bo’ladi. Bu xududda tayga iqlimi (bu yerda qish juda qahrli bo’ladi) tumani; faqatgina maysalar, mox va lishayniklar o’sa oladigan tundra iqlimi; yolg’iz ulkan muzliklar mavjud bo’lgan qutb iqlimi mintaqasi joylashgan. Baland tog’liklar iqlimlari, yer kurrasining, ekvatorni ham qo’shgan holda, barcha hududlaridagi yuksak tog’lik tumanlarga xosdir.