Qanos

Qanos (ko’krak) — me’moriy qism; peshtoq ravog’ining tepasidagi tumorsimon juft shakl. Qanos yuqoridan gorizontal, yonlaridan vertikal va pastdan ravoqning egri (linga) chiziqlari bilan chegaralanadi. Ravoq lingasini chiqarishda g’ishtlar radial yo’nalishda, Qanos qismida gorizontal qo’yib teriladi. Qanos bino tarzlariga diqqatni tortish, me’moriy mujassamotga urg’u berishga xizmat qiladi. 9— 12-asrlarda Qanosning tepa burchaklari aksari bo’rtiq doira shakl bilan, ravoqning uch (cho’qqi)larini o’ziga xos tugun bilan ajratish usuli qaror topgan (Raboti Malik karvonsaroyi, O’zgan maqbaralarining peshtoqlarida), dinamik kvadratlar (katta kvadrat ichiga 45° da burib kirgizilgan kichik kvadratlar) va ravoqlarning cho’qqilarida uchburchaklar (Ismoil Somoniy maqbarasida) qo’llangan. Qanos sirti uning shakliga mos nabotiy (masalan, ko’hna Urganchdagi Faxriddin Roziy maqbarasish) va sirkor (Tillakori madrasa bosh peshtog’ida) naqshlar bilan to’ldiriladi; sirkor, nabotiy naqshlarda ham band (gulband) lari 9-12-asrlardagi doiralarni eslatuvchi (gajaksimon) tarzda bajarilgan. Ba’zan Qanoslarda ohu, sher, quyosh (Sherdor madrasa bosh peshtog’ida), qushsemurg’ (Buxorodagi Nodir Devonbegi madrasasi Qanosda) tasvirlari ham qo’llangan.