Qanqa

Qanqa, Xarashkat, Kanka, Qanqatepa — miloddan avvalgi 3-asr—milodiy 12-asr boshiga oid qadimiy shahar xarobasi. Toshkent viloyatining Oqqo’rg’on tumani hududida, Ohangaron daryosining qadimiy o’zani chap sohilida. Shohruxiya arxeologik yodgorligidan taxminan 8 kilometr shimoli Sharqda qadimiy karvon yo’li ustida joylashgan. qadimiy Xitoy yozma manbalarida Bitan (Bityan), o’rta asrlarda Xarashkat nomlari bilan yuritilgan. Qang’ davlatining poytaxti bo’lgan. O’rta asrlarda (9-11-asrlar) Xarashkat shahri Choch viloyatida Binkat (Toshkent)dan keyin 2-shahar hisoblangan. Dastlab, Turkiston arxeologiya havaskorlari to’garagi a’zosi E.T.Smirnov (1898), keyinchalik M.E.Masson (1934 yil), so’ngra moddiy-madaniyat yodgorliklarini muhofaza qilish jamiyati (Q.Abdullayev; 1969-72), 1974 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda. Qanqa to’g’ri to’rtburchak shaklida, umumiy maydoni 200 gektar bo’lib, bir necha qator mudofaa devori va xandaqlar bilan o’ralgan, Ark 3 Shahriston va raboddan iborat bo’lgan. Shahriston I ning maydoni 6,5 gektar, shimoliy qismida Ark (balandligi 40 metr) joylashgan. Uning atrofi xandaq bilan o’ralgan. Ark va Shahriston I ni 3 tomondan maydoni 50 gektardan ortiqroq Shahriston II o’rab olgan. Shahristonlarga tashqaridan rabod (maydoni 60 gektar) yondoshgan. Miloddan avvalgi 1 — milodiy 1-asrlarda shahar ravnaq topgan. Shahristonlar va rabodda ko’chako’ylar, maydonlar, hovuz va oqar suv tarmoqlari hamda paxsa va yirik xom g’ishtlardan bino qilingan turar joy qoldiqlari saqlanib qolgan. Qanqadan milodiy 1-2-asrlarda zarb etilgan kumush va mis tangalar (jumladan, 4-11-asrlarga oid tangalar xazinasi), oltin va qimmatbaho toshlardan ishlangan taqinchoqlar, sopol haykalchalar, ostodon (ossuariy), sirlangan va sirsiz sopol idishlar, tosh, suyak va metalldan ish- langan qurol va asboblar hamda devoriy rasm qoldiqlari topilgan. Turli xildagi bunday ashyoviy topilmalar shubhasiz, Qanqada ohangarlik, kulolchilik, tikuvchilik, suyak o’ymakorligi rivoj topganidan dalolat beradi. 12-asrda Ohangaron daryosi o’zanining o’zgarishi tufayli Qanqa suvsiz qolib, xarobaga aylangan. Ad.: Masson M.E., Axengeran: Arxeologo topograficheskiy ocherk, T., 1953; Abdullayev K.A., Izistorii gorodisha Kanka (1969-1972), Istoriya materialnoy kulturn Uzbekistana, VSh. 12, T., 1975; Buryakov Yu.F., Qosimov M.R., Rostovtsev O.M., Toshkent oblastining arxeologik yodgorliklari, T., 1975.