Qapchig’ay ustaxonasi
Qapchig’ay ustaxonasi — paleolit davriga oid (chaqmoqtoshga ishlov beruvchi) ustaxona. Farg’onadan 40 kilometr Janubda Oloy tizmasining shimoliy qiyaligidagi Dangarak dara soyida joylashgan. 1956 yilda ochilgan. 1958— 59 yillarda O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix va arxeologiya institutining A.P. Okladnikov rahbarligidagi otryadi tekshirgan. Qapchig’ay ustaxonasidan tosh qurollar, nukleuslar topilgan. Qurollar baland tog’ cho’qqisi qatlamlaridagi yuqori sifatli har xil chaqmoqtoshlardan yasalgan. Qurollar yasash va toshga ishlov berish uchun chaqmoqtoshning yirik siniqlaridan cho’kich sifatida foydalanilgan.