Qarluqlar, qorluq

Qarluqlar, qorluq — o’zbek xalqi tarkibiga kirgan etnik uyushma. 3 qabiladan tashkil topgan; ular Xitoy solnomalarida meulo (yoki meuli), chjisi (yoki pofu) va tashili deb nomlangan. 6-7-asrlarda bular Oltoyning g’arbiy qismida, Chorish (ob daryosi o’zanlaridan biri) daryosi havzasida, irtish daryosining quyi oqimi bo’ylarida, Tarbag’atoyda hamda Jung’oriyagacha bo’lgan katta hududda yashaganlar. Qarluqlar, asosan, chorvachilik bilan shug’ullanib, bir yerdan ikkinchi yerga ko’chib, o’tovlarda yashaganlar. Qarluqlar hududi Sharqiy va G’arbiy Turk xoqonligi o’rtasida, strategik qulay yerda joylashgani uchun ular o’rtasida talash bo’lgan. Qarluqlar o’z mustaqilliklarini saqlab qolish uchun ular bilan betinim kurash olib borganlar. 7-asr oxirlarida Sharqiy Turk xoqonligi Qarluqlar hududining aksariyat qismini xoqonlikka qo’shib olgan. 742 yil Qarluqlar, uyg’urlar va basmillardan iborat qabila Ittifoqi isyon ko’tarib o’z mustaqilliklarini tiklaganlar. Qarluqlar eltibari (boshlig’i) o’zini 3 qabilaning shexusi (yabg’usi) deb e’lon qiladi. Xitoy qo’shini bilan arablar o’rtasidagi Talas jangida Qarluqlar hal qiluvchi rol o’ynaganlar. 757-766 yillarda Qarluqlar turgashlar davlati hududini egallab olganlar. Chu daryosi bo’yidagi Suyob shahri Qarluqlarlar davlati markazi bo’lib qolgan (766-940). Qarluqlarga Jung’oriya Olatovidan to Sirdaryogacha bo’lgan hudud qaragan. Keyinchalik poytaxt ili daryosi vodiysidagi Qo’yliq shahriga ko’chirilgan. 861 yil Qarluqlar Koshg’arni egallashgan. Qarluqlarning ayrim guruhlari 8-asr o’rtalaridan Zarafshon vohasida, Farg’ona vodiysida, shim. Afg’oniston, Tojikiston hududlarida ham yashagan. 10-asrda Qoraxoniylar davlati tarkibiga kirishgan, ilk mulkdorlik munosabatlari shakllana boshlagan. Qarluqlar 960 yil Islom dinini qabul qilishgan. K. Shoniyozovning fikricha, Qoraxoniylar sulolasi bevosita Qarluqlar davlati bilan uzviy bog’liq bo’lib, uning tadrijiy davomi hisoblangan. 19-asr oxiri va 20-asr boshlariga kelib Qarluqlar Zarafshon daryosining o’rta va quyi oqimlarida, hozirgi Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Sho’rchi hududlarida yashaganlar. 1924 yilgi ma’lumotlarga ko’ra, O’zbekiston hududida 10 mingdan oshiqroq, Tojikiston hududida 7 mingga yaqin Qarluqlar yashagan. Keyinchalik Qarluqlar o’z nomlarini unutib, o’zbek va tojik millatlari tarkibiga singib ketgan. Ad. Shoniyozov K., O’zbek xalqining shakllanish jarayoni, T., 2001.