Qarshi

Qarshi (1926-37 yillarda Behbudiy) — Qashqadaryo viloyatidagi shahar (1926 yildan), viloyat markazi (1943 yildan). Qashqadaryo vohasining markazida, Qashqadaryo bo’yida, xalqaro temir yo’l va avtomobil yo’llari kesishgan joyda. Maydoni 7,5 ming gektar. Aholisi 220 ming kishi (2005). Qarshi O’zbekistonning qadimiy shaharlaridan biri. U turli davrlarda Bolo, Nashebolo, Naxshab, Nasaf, nomlari bilan yuritilib, 14-asrdan Qarshi deb atala boshlagan. «Qarshi» nomining kelib chiqishi to’grisida turli fikr va taxminlar mavjud. V.V. Bartold shaharning nomi mo’g’ul xoni Kepakxon qurdirgan «qarshi» (qadimgi turkiychada «saroy» ma’nosini anglatgan) bilan bogliq deb ta’kidlaydi. «Qutadg’u bilig» («saodatga yo’llovchi bilim») dostonida «qarshi» atamasi «saroy» va «qarama-qarshi turish» ma’nosida qo’llangan. «Boburnoma»da ham bu nom mo’g’ul tilidan olinganligi ta’kidlangan. Keltirilgan taxminlarda atamaning «qarshi» — saroy, qasr ma’nolari ko’proq qo’llanadi. Dastlabki shahar Qashqadaryo vohasida «Naxshab» (suv obod qilgan, suv naqsh bergan manzil) nomi bilan miloddan avvalgi 7-asrda Erqo’rg’on o’rnida vujudga kelib, uning atrofi qal’a devori bilan o’rab olingan (ushbu qal’a devorlarining qoldiqlari arxeologlar tomonidan 1999 yil da o’rganilgan). Shaharning yana bir nomi Novtak — Navtaka — yangi bino deb ham talqin qilinadi. Miloddan avvalgi 6-asrda shahar kengayib, ichki devor bilan o’ralib (hozirgi saqlangan), maydoni 35 gektarni tashkil etgan. Aleksandr Makedoniyalik bosqini davrida shahar vayron qilingan. Shundan keyin uning vohadagi yetakchi shahar sifatidagi maqomi pasayib borgan. Miloddan avvalgi 3-2-asrlarda shahar tashqi qal’a devori bilan o’ralgan (maydoni 150 gektar bo’lgan). 2-1-asrlarda (hozirgi temir yo’l stantsiyasi hududida) yangi harbiy-siyosiy markaz maqomini olgan Zahhokimoron qal’asi bunyod etildi. Bu qal’a ham Naxshab nomini olib asta-sekin kengaya bordi (qoldiqlari hozirgi Shulluktepa deb ataladi). Kidariylar o’z qarorgohini 468 yil da yangi naxshabga ko’chirdilar. 710 yil da arablar shahar (Naxshab Arabcha talaffuzda «nasaf») va uning atrofidagi hududlarni bosib oldilar. 9-13-asrlarda Naxshab (Nasaf) ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jihatdan ravnaq topdi. 10-asrda Nasafda o’sha davr musulmon olamida ilmiy Kongress — «Majlisi tadris» o’tkazilgan. O’rta asrlarda Nasaf orqali Eron va Hindistonni Rossiya va Yevropa davlatlari bilan bog’lagan muhim karvon yo’llari o’tgan, savdo-hunarmandchilik rivojlangan. 1220 yilda Nasafni Chingizxon qo’shinlari vayron qildi. Undan keyingi davrda (14-asrda) voha markazi 3-marta hozirgi Qarshi shahrining eski shahar qismi o’rnida qayta tiklandi. Chig’atoy ulusi xoni Kepakxon (131826) Nasafdan 2 farsax (12— 14 kilometr) uzoqlikda qasr qurdirib, poytaxtni qarshi deb atalgan bu qal’aga ko’chirgan. Shahar hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar, bino qoldiqlari Qarshida 14-asrning 1-yarmida bir qancha koshinkor imoratlar mavjud bo’lganligidan dalolat beradi.14-asrning 2-yarmida shahar qo’rg’oni atrofi g’isht va paxsa devor bilan o’ralgan, shaharda Odina masjidi qurilgan. Qal’a atrofida 2,5—3 metr chuqurlikda xandaq qazilgan Xandaq ustida 4 ta ko’tarma ko’prik bo’lgan. Shahar qo’rgoni hududi 40 gektarni tashkil etgan. 16-asrda shahar yaqinida yirik Namozgoh masjidi (hozirgi me’moriy yodgorlik), hammom binolari qadimiy ko’targan. Ashtarxoniylar davridan Qarshi Buxoro taxti merosxo’rlari turadigan joyga aylandi. Imomqulixon davrida (1614-15 yillarda) Qashqadaryodan qarshi cho’liga kanal chiqarilgan. 17-18-asrlarda Qarshi Qashqadaryo vohasidagi birinchi shaharga aylandi. Qarshi 16-asrdan 20-asr boshlarigacha Buxoro xonligi (amirligi)ning Qarshi bekligi nufuzli markazi bo’lgan. Hunarmandchilik rivojlangan, pul zarb qilingan. Mang’itiylar davrida Qarshida hammom, madrasa, xonaqoh, Sardoba va sug’orish inshootlari bunyod etilgan. Shahar va uning atrofi obodonlashgan. Vengriyalik olim Xerman Vamberi 1863 yilda Qarshida bo’lib, shaharda 10 ta karvonsaroy, katta bozor bo’lganligini yozadi. Aholisining 25 mingga yaqin asosiy qismi o’zbeklar deb ta’kidlaydi. Paxta tozalash, yog’ ekstraktsiya, sut, pivo, motor ta’mirlash, ta’mirlashmexanika, uysozlik, plastmassa buyumlari zavodlari, go’sht va un kombinatlari, tikuvchilik fabrikasi, qurilish materiallari, temir yo’l transporti, to’qimachilik korxonalari bor. 7 qo’shma korxona, jumladan O’zbekiston—Turkiya qo’shma korxonasi ishlab turibdi. Tuksiz gilamlar (paloslar) ishlab chiqariladi. «Erqo’rg’on» ulgurji, «Osiyo» qurilish, «Farhod» xo’jalik mollari bozorlari va boshqalar mavjud. Qarshi davlat universiteti, qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, tibbiyot, pedagogika va boshqalar jami 13 kasb-hunar kolleji, 3 akademik litsey, 9 litsey va litsey-internat, 2 gimnaziya, 44 umumiy ta’lim, shuningdek, bolalar musiqa maktablari, 4 teatr (shu jumladan, viloyat musiqali drama teatri, viloyat qo’g’irchoq teatri va boshqalar), viloyat o’lkashunoslik muzeyi, filarmoniya, 13 kutubxona, 5 klub, 3 madaniyat va istirohat bog’i faoliyat ko’rsatadi. 22 kasalxona, ambulatoriya-poliklinika va boshqalar tibbiy muassasalar bor. Qarshi — Toshkent, Qarshi — Samarqand, Qarshi — Buxoro va boshqalar yo’nalishlarda xamda tuman markazlariga avtobuslar va marshrutli taksilar qatnaydi. Qarshi aeroportidan Qarshi — Moskva, Qarshi — Andijon, Qarshi — Toshkent yo’nalishlaridagi havo yo’llarida samolyotlar qatnovi yo’lga qo’yilgan. Qarshida Ko’kgumbaz masjidi (16-asr), qadimiy hammom (16-asr), Qashqadaryo ustidagi qadimiy ko’prik (1583), Sharofboy madrasasi (18-asr boshlarida), Charmgar masjidi (19-asr o’rtalari), Bektemir madrasasi (1905), Xoja Abdulaziz madrasasi (19-asr), Qilichbek madrasasi (19-asr) va boshqalar me’moriy obidalar saqlanib qolgan. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 29 sentyabrdagi «qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko’rish to’g’risida»gi qarori va Uzbekiston Resggublikasi Prezidentining 2005 yil 26 iyuldagi «qarshi shahrining 2700 yilligini nishonlashga doir qo’shimcha choratadbirlar to’g’risida»gi qaroridan keyin shaharda keng ko’lamda tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi. Ko’kgumbaz masjidi, tarixiy ko’prik va boshqalar me’moriy obidalar ta’mirlandi. Shaharda «Nasaf», «Geolog» sport majmualari, tennis korti, yopiq cho’milish havzasi, sport-sog’lomlashtirish inshootlari, 20 ming o’rinlik stadion, Olimpiya zaxiralari sport kolleji va boshqalar qurilmoqda. Viloyat teleradiokompaniyasi, qarshi jamoatchilik va Qashqadaryo kabel televidenielari ishlab turibdi. 1999 yildan «Nasaf» shahar gazeta chiqariladi. Qarshidan «Nasafiy» taxallusi bilan ko’plab olimlar, shoirlar yetishib chiqqan. Shulardan Alisher Navoiyning «Majolis unnafois» asarida tilga olingan Mavlono Soyiliy, Mavlono Mir Qarshiy, undan tashqari, Mahmud Nasafiy (musiqa va san’at sohasida), Qusam shayxlar (diniy ilmlar sohasida) Shuhrat qozonganlar. Obod Jo’rakulov, Latif Erdonov.