Qashqar tekisligi, Tarim tekisligi
Qashqar tekisligi, Tarim tekisligi — Xitoyning g’arbiy qismida, Tarim daryosi havzasidagi tekislik. Tyanshan, Pomir, Kunlun va Beyshan tog’lari bilan o’ralgan. Uzunligi g’arbdan sharqqa 1200 kilometr, maydoni 530 ming km2 (Markaziy Osiyoda eng katta). Balandligi sharqdan g’arbga 800 metrdan 1500 metrgacha ko’tarilib boradi. Qashqar tekisligining katta qismi Taklamakon qumli cho’li bilan band. Relefining pastqam joylarida keng maydonlarni sho’rxoklar egallagan. Tekislikning g’arbiy qismida past qator tepalar uchraydi. Iqlimi mo’tadil (ba’zi joylarda kontinental, cho’l iqlimi), yozi issiq, qishi qisqa, sovuq va qorsiz. O’rtacha temperatura iyulda 26°, qishda -20° gacha. Yillik yog’in 100 mm dan kam. Tog’lardan oqib keluvchi daryolar Qashqar tekisligiga chiqqach, sug’orishga sarf bo’ladi yoki qumga singib ketadi. Eng yirik daryolari: tarim, Xo’tan, Qashqar, Oqsuv, Ko’nchidaryo; sharqida Lobnor ko’li bor. Qashqar tekisligining aksari qismi bo’z tuproqlarda o’suvchi cho’lga xos o’simliklar bilan qoplangan. Daryo vodiylarida to’qay o’simliklari o’sadi. Vohalarda, tog’etaklarida dehqonchilik va bog’dorchilik bilan shug’ullaniladi. Qashqar tekisligining g’arbi va shim.g’arbida Qashqar, Oqsuv va Yorkend vohalari joylashgan.