Qashqarboldoq

Qashqarboldoq — halqa shaklidagi isirg’a turi. 18-asrda Farg’ona vodiysiga Qashqardan ko’chib o’tganlar keltirgan. Qashqarboldoqning mahalliy an’analarga yaqinligi uni tez tarqalishini ta’minlagan. Oltin va kumushdan tayyorlanadigan halqaning quyi qismidan o’rtasigacha nozik sim (gulli) panjaralar ishlanib, markazi mayda zig’irak (yoki mayda marvarid) lar bilan gulshakllar hosil qilib to’ldiriladi, ba’zan Feruza ko’zlar, oltin yaproqchalar bilan boyitiladi. Halqaning quyi qismidagi panjarasimon guli Hilol (yangi oy)ni eslatadi. Q.ning chiroyli shakli, nafis shabaka gullari, tilla va marvaridlar jilosi, zargarona ishlanishi buyumga jozibadorlik baxsh etadi. Bezaklarni turli shakl va hajmda ishlab, buyumning yangi ko’rinishlari yaratiladi.