«Qatag’on qurbonlari xotirasi» muzeyi
«Qatag’on qurbonlari xotirasi» muzeyi — O’zbekiston Fanlar Akademiyasi tizimidagi ilmiy-ma’rifiy muassasa. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Qatag’on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to’g’risida» (2001 yil, 1 may)gi farmoni asosida Toshkent shahrida «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui (2002 yil, 31 avgustda) barpo etilgan. Muzey chor va sovet hokimiyati davrida Vatan ozodligi yo’lidagi faoliyati hamda xattiharakati uchun qatag’on etilgan vatandoshlar xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil qilingan. Muzeyning ilmiytematik ekspozitsiyasi quyidagi 7 bo’limdan iborat: 19-asrning o’rtalarida Turkistonning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi va unga qarshi xalq qo’zg’olonlari; Turkiston muxtoriyatining tugatilishi va 20-yillardagi qatag’on; «quloqlashtirish» kompaniyasi (30-yillar); 30-yillardagi qatag’on; 40 —50-yillardagi qatag’on; 80-yillardagi qatag’on («paxta ishi»); mustaqil O’zbekistonda qatag’on qurbonlari xotirasining e’zozlanishi. Muzeyning asosiy vazifalari quyidagilar: qatag’onchilik siyosatining paydo bo’lish sabablari va oqibatlarini tadqiq etish va uni mamlakatimiz tarixining tarkibiy qismi sifatida aks ettirish; mamlakatimiz fuqarolarini, ayniqsa, yosh avlodni mustaqillik va adolat tantanasi uchun kurashgan fidoyi ota-bobolarimizning xotirasiga hurmat ruhida tarbiyalash; qatag’on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularni yod etish bilan bog’liq ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish va targ’ib etish; qatag’on qurbonlari hayoti va faoliyatini o’rganish; ilmiyijodiy merosini to’plash, nashrga tayyorlash va chop etish; muzey fondlari va ekspozitsiyalarini mamlakatimiz hamda xorijdagi turli hujjatlar va boshqalar eksponatlar bilan muntazam ravishda boyitib borish. Muzey «Shahidlar xotirasi» xayriya jamg’armasi bilan hamkorlikda «Qishloq fojiasi» (R. Shamsutdinov), «Abdulla Qodiriy» (S. Mirvaliev), «Cho’lpon» (N.Karimov) tadqiqotlari, Munavvarqori Abdurashidxonov va Botuning «tanlangan asarlar»ini nashr etgan, O’zbekiston hujjatli va badiiy filmlar kinostudiyasi hamda «O’zbektelefilm» studiyasi bilan hamkorlikda «Barhayot xotira», «Armonli yillar ko’zgusi», «fidoyi olim», «Mirtemir» singari hujjatli filmlar yaratgan. Muzey binosi mamlakatimizning noyob me’moriy inshootlaridan biri hisoblanadi. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov tashabbusi va g’oyasi asosida loyihalangan va bunyod etilgan (2002, me’mori A.Turdiev va boshqalar). Bino an’anaviy me’morlik uslubi (ayvon, gumbaz, peshayvon, ravoq va boshqalar)da qurilib, milliy bezaklar bilan ziynatlangan. Muzey binosi murabba tarhli (20×20 metr), balandligi 20 metr, gumbazli (balandligi 6,2 metr, diametri 5,8 metr; Feruza rang gumbazi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuidagi ayvon gumbazi bilan uyg’un), bino atrofi kengligi 4 metr bo’lgan ochiq ayvon bilan o’ralgan, undagi 28 ta ustun va to’sinlar hamda 4 tarafdagi kirish zinapoyalari binoga o’ziga xos salobat baxsh etadi. Binoning pastki qismida texnik-muhandislik, ma’muriyat va boshqalar qo’shimcha xonalar joylashgan, ular ko’rgazma zali bilan maxsus yo’lak va zinapoyalar orqali uzviy bog’lanadi. Bino bezagida marmar, haqiq, granit toshlar, rangli koshinlardan foydalanilgan, yog’och o’ymakorligi (A.Abdullaev, S.Rahmatullaev, N.Sohibnazarov va boshqalar), ganchkorlik (M.Murodov va boshqalar), naqqoshlik (A.Karimov va boshqalar), koshinkorlik (M.Mamajonov, R.Muhammadjonov, M.Shedrin, V.Gan va boshqalar), gumbazning ichki bezagida murakkab iroqi muqarnas mahorat bilan qo’llanilgan. Binoni barpo etishda toshkent shahri me’morlik bosh boshqarmasi hamda «Usto» ijodiy ishlab chiqarish uyushmasi ustalari faol ishtirok etgan.