Qay bir adibning «odamzotni insoniylashtirish» orzusi bo’lgan?
Fedor Mixaylovich Dostoyevskiy (1821 — 1881) — o’z ijodini «fantastik realizm» deya ta’riflagan edi. Hayrotomuz qisqa, ixcham va teran tavsif. Dostoyevskiyning hayoti bag’oyat murakkab kechgan. Adib inqilobchi M. Petrashevskiy to’garagining qatnashchisi bo’lgan, 1849 yilda hibsga olingan va o’lim jazosiga hukm qilingan, bu jazo ijro etilmasdan bundan buyog’iga oddiy askar bo’lib xizmat qilish sharti bilan surgunga almashtirilgan edi. 1859 yilda Dostoyevskiy Peterburgga qaytib keladi. Uning surgunda insonning fojeaviy taqdiri va insoniy fazilatlari haqidagi «O’lik uydan maktublar» asari — surgunga solish ruhi hukmron rus voqeligiga bir aybnoma sifatida guldiradi. Dostoyevskiyning «Jinoyat va jazo» romani — rus adabiyotining eng murakkab asarlaridan biri. Rossiyaning XIX asr o’rtalaridagi ayanchga soluvchi va qo’rquv uyg’otuvchi voqeligi o’zining qashshoqligi bilan, shaxsiy ojizligidan bo’g’ilayotgan shaxsning huquqsizligi bilan, uning zulmga tortilishi, oyoqosti qilinishi, yemirilishi bilan adibning diqqat markazida turadi. Yozuvchi voqelikni gavdalantirish uchun inson qalbining qa’rlariga, ongning ziddiyatli va shiddatli jarayonlariga bosh suqadi. Dostoyevskiy roman shaklining qahramon fojeasini ajrata olish, yiriklashtirishga qodir bo’lgan alohida turini izlaydi va topadi hamda unda tomchida olamni aks ettirish a’moliga amal qiladi. «Telba», «Jinlar», «O’smir», «Og’a-ini Karamazovlar» va boshqa romanlarida — ijtimoiy ziddiyatlarining falsafiy inkishofi, o’ziga xos shaxslarning suhbatlashuv asnosidagi to’qnashuvlari, ijtimoiy va insoniy uyg’unlikni astoydil izlash, teran ma’naviyat va fojeaviylik. Dostoyevskiy ijodi rus va jahon adabiyotiga kuchli ta’sir ko’rsatdi.