Qayumars

Qayumars — turkiy va forsiy xalqlar og’zaki ijodi va yozma adabiyotida keng tarqalgan afsonaviy obraz. Qayumars haqidagi afsonaning turli variantlari qadimiy yozma manbalardan «Avesto», «Tarixi Tabariy» (Tabariy), «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» (Beruniy) va boshqalar asarlarda bor. Qayumars «Avesto»da Gaya Maretan, Gaya Martan deb yuritilgan. S.P. Tolstovning fikricha, Qayumars — «Gavomard» so’zidan kelib chiqib «buqa odam», ma’nosini anglatgan va u Xorazmda yashagan. Beruniy Qayumarsning «Girshoh» (tog’ shohi) hamda «Gilshoh» (Loyshoh) degan laqablari bo’lganini yozadi va Qayumars so’zining tarjimasi «tirik», «so’zlovchi» ekanini bildiradi. Qayumars haqidagi afsonaning Beruniy asaridagi bayoniga ko’ra, Ahrimanning qilmishlaridan Xudo hayratda qoladi va uning peshonasidan ter chiqadi. Terni artib tashlaganda, ter donasidan Qayumars paydo bo’ladi. Xudo Qayumarsni Ahriman yoniga jo’natadi. Qayumars Ahriman yoniga kelib, uning yelkasiga minib oladi va shu holda dunyoni aylana boshlaydi. Ahriman hiyla bilan Qayumarsni yelkasidan uloqgirib tashlaydi va ustiga minib olib, bosh tomonidan yeya boshlaydi. Beliga yetganida Qayumars urug’donidan yerga ikki dona urug’ tushadi. Ulardan o’simlik unib chiqadi. O’sha o’simliklardan bir qiz va bir o’g’il (meshi va Meshona) paydo bo’ladi. Ularni forslar Odamato va Momohavo deb, xorazmliklar mard va mardona deb ataydilar. Bu afsonaning boshqa variantlari ham ko’p. Qayumars haqidagi barcha afsonalarda q adolat uchun qurashuvchi, kishilarni jamiyat bo’lib yashashga o’rgatuvchi, hayot va yaxshilik timsoli sifatida namoyon bo’ladi, doimo yovuzlikka (devlar va insjinslarga) qarshi kurashadi. Qayumars obrazi tasviriy san’atda ham aks etgan; 1932 yil Tallibarzu (Samarqand yaqini)da q.ning yarim ho’kiz, yarim odam shaklidagi tasviri chizilgan sopol buyumlar topilgan. Ad.: O’zbek xalq og’zaki poetik ijodi, T., 1980.