Qazag’on, Qazag’an, Amir Qozag’on
Qazag’on, Qazag’an, Amir Qozag’on (? — 1357/58) — Movarounnahr amiri (1346-58). So’nggi chingiziylardan bo’lgan Qozonxonga qarshi isyonga bosh bo’lgan, o’zaro urushlarda Qozonxon o’ldirilgan va mamlakat uning qo’l ostiga o’tadi. Qazag’on o’z xatti-harakatlariga qonuniy tus berish uchun chingiziylardan bo’lgan «soxta xonlar» — avval Donishmandcha, so’ngra Bayonqulixon yordamida hokimiyatni boshqargan va uning nomidan tanga zarb etib, hokimiyatni qo’lida ushlab turadi. U mamlakatni adolatli boshqarish, tadbir bilan ishlarni olib borish, yurt osoyishtaligini saqlash, el-yurt hojatini chiqarishga alohida diqqat qaratadi. 1351-52 yillari Hirot ostonasida Malik Husayn lashkarini tor-mor etadi. Hirot amaldorlari Malik Husaynni ag’darib, o’rniga ukasi Malik Boqirni qo’ymoqchi bo’lishadi. Fitnadan xabar topgan Malik Husayn 1352-53 yillari Qazag’on huzuriga yo’l oladi. Ma’lum muddatdan so’ng Hirotga qaytgan Malik Husayn qayta Hirot taxtini egallaydi. Shu kezlarda Qazag’onning o’g’li Abdulloh Samarqanddan lashkar tortib Horazm tomon yurish qiladi va uni zabt etadi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, Qazag’on qishni Soli saroy va Qoratur (Amudaryo sohilidagi mavze), yozni esa Munk (hozirgi Baljuvon) shahrida o’tkazgan va ko’p vaqtini ov qilishga sarflagan. Qazag’onni o’ranaytiyon qabilasidan bo’lgan kuyovi qutlug’ Temur Bo’rildoy o’g’li ov paytida o’ldirgan. Qazag’onning Amir Kayxusrav boshliq amirlari qutlug’ Temurni Qunduz atrofida o’ldiradilar. Amirzoda Abdulloh otasi Qazag’on o’rniga o’tiradi. Ad.: Nizomiddin Shomiy, Zafarnoma, T., 1966; Sharafiddin Ali Yazdiy, Zafarnoma, T., 1994; Mirzo Ulug’bek, to’rt ulus tarixi, T., 1994. Hamidulla Dadaboyev.