Qimiz bilan davolash

Qimiz bilan davolash — qimizni davo sifatida iqlim bilan davolash (klimatoterapiya) bilan birga qo’llash. U sigir sutiga nisbatan engil hazm bo’lishi va so’rilishi bilan ajralib turadi. Qimizning tibbiy jihatdan foydali ekanligi o’rganilgan. Darmonsizlik, kamqonlik, me’da-ichak, asab tizimi kasalliklari, sil va boshqalarda davo maqsadida qimizdan foydalaniladi. U ishtahani ochadi, me’da sekresiyasini kuchaytiradi va ovqatni ichaklarda so’rilishini yaxshilaydi, yurak muskulini mustahkamlab, uning oziqlanishini ravonlashtiradi. O’zbekistondagi ayrim shifoxona va sanatoriylarida («paxtali ko’l», «chimyon» da) Qimiz bilan davolash yo’lga qo’yilgan. Qimizni kuniga 6 mahal 100 ml dan (kam quvvat bemorlarga 50 ml dan) beriladi, keyinchalik 250 ml ga yetkaziladi. Uy temperaturasida bo’lgan qimizni nahorda, nonushta va tushlikdan keyin 1,5 soat o’tgach, ho’plab-ho’plab ichiladi. Kechki ovqatdan keyin ichish tavsiya etilmaydi. Ichakka infektsiya tushishi va zaharlanishning oldini olish maqsadida qimiz faqat pasterizatsiya qilib tayyorlanadi.