Qirqoyoqlilar, skolopendralar
Qirqoyoqlilar, skolopendralar— laboyoqlilar kenja sinfiga mansub ko’poyoqlilar turkumi. 900 ga yaqin, jumladan O’zbekistonda 10 ga yaqin turi bor. Urg’ochisi o’zi qo’ygan tuxumlari va ulardan chiqqan bolalarini yirtqichlardan himoya qiladi: tanasi bilan ularni o’rab olib yotadi. Asosan, mayda umurtqasizlar, ayrim yirik Qirqoyoqlilar mayda umurtqalilar (qurbaqalar, kaltakesaklar, qushlar) bilan oziqlanadi. Ko’pchilik Qirqoyoqlilar tropik, subtropik va mo’tadil mintaqalarda yashaydi; tuproq Qirqoyoqlilari Yevropaning cho’l va o’rmon zonasida tarqalgan. Qirqoyoqlilar turkumiga 2 oila kiradi. Kriptopidlar, asosan, tuproqda yashaydi, so’qir. Skolopendradar — eng yirik Qirqoyoqlilar (uzunligi 30 santimetrgacha). Qirqoyoqlilar odamni chaqqanida og’ritadi. Yirik tropik Qirqoyoqlilarning chaqishi odam hayoti uchun xavfli. Qirqoyoqlilar kunduzi, odatda, toshlar ostiga, yoriqlar va boshqa pana joylarga bekinib oladi. Kechasi ovga chiqadi. O’zbekiston faunasida uzunligi 10 santimetr ga yaqin bo’lgan halqali Qirqoyoqlilar uchraydi.