Qirsildoq qo’ng’izlar
Qirsildoq qo’ng’izlar — qattiqqanotlilar turkumiga mansub qo’ng’izlar oilasi. 10 mingga yaqin turi uchraydi. Qo’ng’izlarning tana uzunligi 10-20 millimetr, boshi kichkina, mo’ylovi arrasimon yoki taroqsimon. Old yelka qismining orqa burchagi tikansimon turtib chiqqan. Oldko’krak o’simtasi o’rta ko’krak chuqurchasiga kirgan bo’lib, to’nkarilib qolgan qo’ng’izlar shu moslama yordamida harakatlanib (shunda qirsillagan ovoz chiqadi; nomi ham shundan) ag’dariladi. Qanotlari yaxshi rivojlangan. Urg’ochisi tuproqqa 150-200 ta tuxum qo’yadi. Tuxumi oq, bir oz ovalsimon, silliq. Lichinkasi sariq, cho’ziqroq va qattiq, simga o’xshaydi (shuning uchun simqurt deyiladi), 3 juft oyoqlari bor. Lichinkasi tuproqda yashaydi (rivojlanish davri 3-4 yil). Ivigan urug’lar, o’simlik nihollari hamda qoldiqlari va boshqalar bilan ovqatlanadi. Qo’ng’izi va lichinkasi qishlaydi. Qo’ng’izlar aprel-may oylarida tuproq yuzasiga chiqadi. O’simlik barglari, gul va boshqalarni yeydi. Zararkunandaning 15 turi ma’lum bo’lib, asosan, lalmikor va tog’oldi hududlaridagi ekinlarni shikastlaydi. Kurash choralari: kuzgi shudgor, o’simlik qoldiqlarini yo’q qilish, asosan, ammiakli mineral o’g’itlar, nordon tuproqlarga ohak solish, qator oralariga chuqur ishlov berish; ekishdan oldin urug’likni dorilash va boshqalar.