Qishloq xo’jaligini kimyolashtirish
Qishloq xo’jaligini kimyolashtirish — qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi jarayonlarida kimyoviy moddalarni qo’llash; kimyo, biokimyo, mikrobiologiya va agrokimyo fani yutuqlaridan foydalangan holda kam mehnat va mablag’ sarflab olinadigan mahsulot hajmini ko’paytirish va sifatini yaxshilashga qaratilgan kompleks tadbirlardan biri. Qishloq xo’jaligini «kimyolashtirish» atamasi 20-asrning 30-yillarda turli zonalarda o’g’itlar tizimini qo’llash tufayli rus olimi D.N.Pryanishnikov (1865-1948) tomonidan taklif qilingan. O’g’itlardan foydalanish, tuproqni kimyoviy melioratsiyalash (ohaklash, gipslash), o’simliklarni begona o’tlardan, zararkunandalar va kasalliklardan muhofaza qilish; Defoliatsiya va desikatsiya; o’simliklarning o’sishi hamda hosil berishini boshqarish; chorvachilikda ozuqa va dorivor vositalar ishlatish, qishloq xo’jalik mahsulotlarini konservalash, meliorasiya, qishloq xo’jalik qurilishi va boshqalarda sintetik materiallardan foydalanishni o’z ichiga oladi. O’g’itlardan foydalanish Qishloq xo’jaligini kimyolashtirishning asosiy yo’nalishidir. O’g’it hosildorlikni oshiradi. Mineral o’g’itlar ishlatilganda hosilning qay darajada ortishi ko’pgina omillar (tuproq, iqlim, tashkiliy-iqtisodiy sharoit, ekin navlari, ekish texnologiyasi, o’g’itning sifati va boshqalar)ga hamda birinchi navbatda, dehqonchilik madaniyatiga bog’liq. O’g’itlarni ilmiy asosda qo’llash nafaqat hosildorlikning oshishi, balki qishloq xo’jalik mahsulotlari, masalan, donda oqsil miqdorining hamda uning aminokislota tarkibini yaxshilanishini ta’minlaydi. Qishloq xo’jalik ekinlarini ekishda intensiv texnologiyalarning o’zlashtirilayotganligi, hosildorlikni programmalashtirish natijasida o’g’itlar roli keskin o’smoqsa. Pestisidlar qishloq xo’jalik ekinlarini begona o’tlardan, zararkunanda va kasalliklardan himoyalovchi kuchli vosita. Ularning qo’llanishida o’simliklarni himoya qilishning kimyoviy va aralash (integral) usuli ishlab chiqilgan. Pestisidlardan optimal me’yorlarda va kerakli muddatda foydalanish qishloq xo’jalik ekinlarini intensiv texnologiya asosida yetishtirish elementlaridan biridir. O’simlikshunoslikda o’simliklarning o’sishi va hosilga kirishini boshqaruvchi moddalar — gibberellinlar, auksinlar, mutagenlar va boshqalar, hamda defoliantlar, desikantlar qo’llaniladi. Poliploidlar olish uchun mutagenlardan foydalaniladi. Chorvachilikda turli mineral ozuqalar — fosforitlar, karbamid, Premikslar, vitaminlar qo’shilgan yemlardan foydalaniladi. Bunday qo’shilmalar qishloq xo’jalik hayvonlarining to’liq o’sishi, oziqlanishi va mahsuldorligini ta’minlaydi. Ulardan to’liq ratsionli aralash yem ishlab chiqarishda foydalaniladi. Chorvachilikda ozuqa va dorivor vositalar sifatida hayvonlarga zarur mineral moddalar: makroelementlar va mikroelementlar; mineral qo’shimcha sifatida osh tuzi, bo’r, ohak, ftorsizlantirilgan fosfat, suyak uni va boshqalar beriladi. Tuproqda mikroelementlar kam rayonlarda hayvonlar rasioniga temir, kobalt, mis, yod, marganes birikmalari qo’shiladi. Hazm bo’ladigan protein etishmaganda chorva mollari rasioni korbamid (mochevina) bilan to’ldiriladi. Veterinariya amaliyotida kimyoviy sintez asosida olingan dori vositalari qo’llaniladi. Qishloq xo’jaligiga azotli, fosforli va kaliyli mineral o’g’itlar, murakkab o’g’itlar yetkazib beriladi. Suyuq o’g’itlar, ayniqsa, azotli o’g’itlar hamda mikroo’g’itlar ko’plab ishlab chiqarilmoqda va ishlatilmoqda. Bakterial o’g’itlar (azotobakterin, nitragin, entobakterin va boshqalar) dukkakli o’simliklar ildizida azot to’plovchi tuganaklar hosil bo’lishiga va tuproqda azot to’plovchi mikroorganizmlar ko’payishiga yordam beradi. O’simliklarni begona o’tlar, kasalliklar va zararkunandalardan kimyoviy yo’l bilan muhofaza qilish keng yo’lga qo’yilgan, bu maqsadda xlororganik birikmalar, fosfororganik birikmalar, oltingugurtning organik birikmalaridan foydalaniladi. Begona o’tlarni yo’qotish uchun ishlatiladigan kimyoviy vositalar (gerbitsidlar), shuningdek, defoliantlar va desikantlar ishlab chiqarishda ham anchagina muvaffaqiyatlarga erishildi. Qishloq xo’jaligini kimyolashtirishni amalga oshirishda kimyoviy vositalardan foydalanish ishlarini mexanizatsiyalashtirish katta ahamiyatga ega. O’g’itlarni tayyorlash va solish uchun mashinalar (kultivatorlar, quyuq va suyuq o’g’itlar soladigan mashinalar), purkovchi (yerda) va changlovchi (havoda—aviatsiya), urug’likni dorilovchi va boshqa moslamalardan keng foydalaniladi. 2004 yildan boshlab qishloq xo’jaligiga xizmat ko’rsatadigan «Qishloq-xo’jalikkimyo» hududiy aktsiyadorlik jamiyatlari va ularning tuman bo’limlari «O’zkimyosanoat» davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibiga o’tkazildi. O’simliklarni zararkunanda va kasalliklardan himoya qilish Respublika markazi va uning viloyat markazlari hamda barcha tumanlarda otryadlari (160 ga yaqin) tashkil etildi. O’zbekiston kimyo sanoati qishloq xo’jaligi uchun jami 607,34 ming tonna (100% oziq modda hisobida) mineral o’g’itlar, jumladan, 463,77 ming tonna azotli, 117,16 ming tonna fosforli, 26,48 ming tonna kaliyli o’g’itlar yetkazib berdi (2004). Risqiboy Yoqubov.