Qissa
Qissa — badiiy adabiyotda epik janr turlaridan biri. G’arbiy Yevropa va Amerika adabiyotida povest ma’nosidagi Qissa tushunchasi yo’q, nasrning romandan boshqa barcha janrlari «novella» termini orqali ifodalanadi. Rus va o’zbek adabiyotlarida Qissaning hozirgi va qadimgi ma’nolari o’rtasida farq bor. Masalan, qadimgi rus adabiyotida har qanday nasriy asar povest (Qissa) deb atalgan. O’zbek adabiyoti tarixida rivoyat usulida Nasr yoki nazmda yozilgan tarixiy-afsonaviy asarlar Qissa deb yuritilgan. Masalan, «Qissai Sayful-muluk», «Qisasi Rabg’uziy» va boshqalar. Hozirgi ma’nodagi o’zbek Qissasi rus adabiyotidagi «povest» terminiga to’g’ri keladi va, asosan, roman bilan hikoya oralig’idagi o’rtacha hajmli nasriy janrni ifodalaydi. Qissa, odatda, bir va bir necha shaxslar taqdiriga oid turli voqealarni o’ziga asos qilib olishi bilan epik turning hikoya, hajmi va mazmunining nisbatan cheklanganligi bilan romandan farq qiladi. Qissa hayot murakkabliklarini hikoyaga nisbatan kengroq, xarakter hamda voqelik ko’lamini romanga qaraganda kamroq qamrab oladi. Qissada u yoki bu shaxs hayotining ma’lum bir davri xronikal tarzda bayon qilinadi. Qissada lirizm hikoya va romandagidan kuchliroq bo’lishi mumkin. Roman kabi q.ning ham avtobiografik (Oybek, A.Qahhor, N.Safarov), tarixiy (Mirkarim Osim, Ya.Ilyosov va boshqalar), fantastik (T.Malik, H.Shayxov, M.Mahkamov va boshqalar) turlari bor. Hozirda Qissa nasrning eng faol janrlaridan bo’lib, unda yosh yozuvchilar ham samarali ijod qilmoqdalar. Ad.: Abrorov A., O’zbek povesti, T., 1973; Timofeev L.I., Osnovm teorii li- teraturi, 5-izd., M., 1976; Normatov U., Go’zallik bilan uchrashuv, T, 1976.