Qizilo’ngach

Qizilo’ngach — odam va hayvonlarda ovqat hazm qilish sistemasining halqum bilan me’da o’rtasidagi qismi. Qushlarda Qizilo’ngach kengayib, jig’ildonni hosil qiladi. Odamda Qizilo’ngach orqa ko’ks oralig’ida joylashgan 23-25 santimetr uzunlikdagi muskulli naychadan iborat bo’lib, ko’krak qafasidan diafragma teshigi orqali qorin bo’shlig’iga o’tadi va me’daga ulanadi. Qizilo’ngach devori shilliq, shilliq osti va muskul qavatlardan iborat. Shilliq qavati burmalarga yig’ilgan bo’lib, ovqat luqmasi o’tayotganida tekislanadi. Qizilo’ngach tashqi tomondan biriktiruvchi to’qima bilan qoplanganligi sababli ovqat luqmasi o’tayotganida ko’ndalang diametrini osonlikcha o’zgartira oladi. Yutilgan ovqat luqmasi Qizilo’ngach peristaltikasi tufayli me’daga, keyin ovqat hazm qilish sistemasining hamma qismiga o’tadi. Peristaltika — muskullarning tartib bilan qisqarishi ovqat hazm qilish sistemasining barcha qismida bo’ladi. Yutinganda Qizilo’ngach muskullari reflektor qisqarishi tufayli ovqat luqmasi yuqoridan pastga yo’naladi. Qizilo’ngachning yallig’lanishi Ezofagit deyiladi. Bunga qaynoq va achchiq ovqatlar yeyish, kislota, ishqorlar ta’siri, shuningdek, turli dori hamda spirtli ichimliklarni surunkasiga iste’mol qilish sabab bo’ladi.