Qizilqiyoq, sichqoncho’p
Qizilqiyoq, sichqoncho’p — boshoqdoshlarga mansub ko’p yillik ildizpoyali begona o’t. Poyasining bo’yi 25-60 santimetr. Barglari yapaloq. To’pguli kumushsimon oq tsilindrik tig’iz ro’vakka yig’ilgan. Mevasi don. Mart- aprel boshlarida o’sa boshlaydi, bahordan kuzgacha gullab, mevalaydi. Urug’lari oson sochiladi va shamol bilan tarqaladi. Ildizpoyalari tuproqqa 30-40 santimetrgacha kiradi. Uzun novdalari qishlaydi. Bedapoyalarda, g’o’za, g’alla va boshqa sug’oriladigan ekinlar orasida uchraydi. Shuningdek, ariq yoqalari va juda sernam joylarda ham o’sadi. Kurash choralari: yerni 15-30 santimetr chuqurlikda haydaladi; ildizpoyalar yo’qotiladi; dalapon sepiladi.