Qizilqum fosforit majmuasi
Qizilqum fosforit majmuasi — fosforit kontsentratlari ishlab chiqaradigan zamonaviy yirik konboyitish korxonasi. Boyitilmagan fosforit uni, kuydirilgan fosforit kontsentrati va boshqalar mahsulotlar ishlab chiqaradi. Navoiy konmetallurgiya kombinati (NKMK)ning Markaziy kon boshqarmasi (Zarafshon shahri) tarkibiga kiradi. Majmuaga O’zbekiston Respublikasi hukumatining 1997 yilda Markaziy Qizilqumdagi Jeroysardara fosforit koni (mineral zaxirasi 223,9 million tonna, 100% li R205 miqdori 45,5 million tonna) negizida Qizilqum fosforit majmuasini barpo etish to’g’risidagi qaroriga ko’ra asos solindi, korxona qurilishi va fosforit konini o’zlashtirish NKMKga topshirildi. Shu yilning o’zida majmuaning 1navbatini qurish va Toshkura konida fosforit rudalari qazib olish boshlandi. 1998 yil aprelda majmuaning yillik loyiha quvvati 300 ming tonna 16— 18% R205 (boyitilmagan fosforit uni) bo’lgan 1-navbati mahsulot ishlab chiqara boshladi. 2 yildan kamroq muddatda majmua 1 navbatining 1-bosqichi qurilishi tugallandi. Natijada respublika korxonalarida oddiy ammoniylashgan superfosfat va ammofos ishlab chiqarish uchun chetdan fosorit xom ashyosini sotib olish to’xtatildi. Majmuada 1998-2001 yillarda «quruq» va «ho’llangan» usullarda fosforitni boyitishning kombinatsiyalashgan texnologiyasi ishlab chiqildi, tarkibida 26-28% R205 bo’lgan kuydirilgan fosforit kontsentratini ishlab chiqarish, o’zlashtirildi. NKMK mutaxassislari va O’zbekiston Fanlar Akademiyasi olimlari bilan hamkorliqda tarkibida fosfori kam bo’lgan fosforitlardan fosforli kompleks va organikmineral o’g’itlar ishlab chiqarish dala sharoitlarida agrokimyoviy sinovdan o’tkazish texnologiyasini yaratish, ularni sanoat miqyosida joriy etishgacha bo’lgan ishlar amalga oshirildi. 2002-2003 yillarda tarkibida 12— 15% R205 bo’lgan kambag’al fosforitlardan organikmineral o’g’itlar (superfosfat va azosuperfosfat) ishlab chiqarish ning soddalashtirilgan texnologiyasi yaratildi va respublika kimyo sanoati korxonalarida joriy etildi («Navoiy elektrokimyo zavodi» aktsiyadorlik jamiyati, Samarqand kimyo zavodi va boshqalar). 2004 yil noyabrda Respublika hukumatining maxsus qaroriga ko’ra, 2004-06 yillarda Qizilqum fosforit majmuasining 1-navbatini kengaytirish va rekonstruktsiya qilish loyihasining 2-bosqichini amalga oshirish va yuvilgan kuydirilgan (28% R205) hamda yuvilgan quritilgan (20% gacha R205) kontsentratlari ishlab chiqarish ga o’tish, majmuaning yillik quvvatini 800 ming tonna fosforit mahsulotiga yetkazish ishlari boshlandi.