Qo’g’irchoq teatri

Qo’g’irchoq teatri — teatr san’ati turi, chodir ichida yoki parda ortida yashiringan aktyor-qo’g’irchoqbozlar tomonidan harakatga keltirib ko’rsatiladigan qo’g’irchoqlar tomoshasi. Qo’g’irchoqlarning turi (to’la, yassi, shartli yoki natural), boshqarish tizimi (ip bilan boshqariladigan, qo’lga kiyiladigan, soyasi tushiriladigan, simli va mexanik) va katta-kichikligi (bir necha santimetrdan tortib odam bo’yidan ham yuqori qo’girchoqlar) bilan bog’liq holda xilma-xil shakllari yuzaga kelgan. Milliy an’analar, shart-sharoit, dramaturgik va sahnaviy maqsadlar ham Qo’g’irchoq teatri tomoshalarining shakli va mazmuniga ta’sir ko’rsatadi. Inson xarakteri, jamiyat hayotini yorqin va umumlashma tarzda aks ettirish, majoz, sahnaviy bo’rttirma Qo’g’irchoq teatrida satirik hamda qahramonlik yo’nalishlar qaror topishini ta’minlagan. Qo’g’irchoq teatri tabiatni ilohiylashtirish kabi marosimlarga borib taqaladi. Gerodot, Ksenofont, Aristotel, Gorasiy, Avreliy va boshqalarning ma’lumotlari bo’yicha 5-6-asrlardayoq Qo’g’irchoq teatri paydo bo’lgan. Sharqda Qo’g’irchoq teatrining barcha shakllari mavjud bo’lgan, biroq shundan soya teatri (O’zbekiston hududida «fonus xayol» deb yuritilgan) keng tarqalgan. Indoneziyada 11-12-asrlarda simlar bilan boshqariladigan qo’girchoq tomoshalari bo’lgan. Sharqda hamon Qo’g’irchoq teatrining an’anaviy turlari va shakllari yashab keladi. G’arb mamlakatlarida esa 19-asrning o’rtalaridan boshlab xalq Qo’g’irchoq teatri inqirozga uchrab, uning o’rnida yangi tipdagi, yozma drama asosida ish olib boruvchi havaskorlik va yarim professional truppalar maydonga kela boshladi. 20-asr boshida Rossiyadagi xalq Qo’g’irchoq teatri davr talablariga javob berolmay qoldi. Biroq uning an’analari, tajribasi yangi shakldagi Qo’g’irchoq teatrining yaratilishida muhim ahamiyat kasb etdi. 1924 yil E.S.Demmeni rahbarligidagi Leningrad Qo’g’irchoq teatri, 1931 yilda S.V. Obrazsov rahbarligidagi Markaziy Qo’g’irchoq teatri tashkil qilindi. O’zbekistonda Qo’g’irchoq teatri o’tmishda taraqqiy etgan bo’lib, uning «chodir xayol», «chodir Jamol», «fonus xayol» turlari faoliyat ko’rsatib kelgan. Mustamlaka va sovet davrida ham xalq qo’g’irchoqbozlarining 40 ga yaqin to’dasi (har to’dada qo’g’irchoqboz, korfarmon, 2-3 sozanda bo’lgan) ish olib borgan. Yangi shakldagi Qo’g’irchoq teatri havaskorligi 20-asrning boshlaridan boshlangan. 1939 yil Toshkentda Respublika qo’g’irchoq teatri, 1968 yil Andijonda «Lola» teatri tashkil topdi. O’zbekistonda 10 ta davlat tasarrufidagi va ko’plab havaskor qo’g’irchoqteatrlari faoliyat ko’rsatadi (2005). Ad.: Gavrilov M.F., Kukolniy teatr Uzbekistana, T., 1928; Qodirov M ., Xalq qo’g’irchoq teatri, T., 1972; Uzbekskiy traditsioniy teatr kukol, T., 1979; Smirnova N . I ., Iskusstvo igrayushix kukol, M., 1983. Muhsin Qodirov.